Koronavirus Markaziy Osiyoda: O‘zbekiston karantinni uzaytiradi, Qirg‘izistonda milliy motam

O‘zbekistonda karantin uzaytiriladi, Qirg‘izistonda 30-iyul koronavirus qurbonlari xotirasiga milliy motam kuni sifatida e’lon qilinadi, Tojikiston Rossiya bilan parvozlarni qayta tiklashga qaror qildi - hafta davomida sodir bo‘lgan muhim voqealar – Sputnik sharhida.
Sputnik

TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlarida jami 141 909 ta koronavirusni yuqtirganlik holati qayd etilgan. Hafta davomida mintaqada 23 mingdan ziyod yangi holat aniqlangan.

Qozog‘iston

Mamlakat aniqlangan holatlar bo‘yicha hamon yetakchilikni qo‘ldan boy bermay kelmoqda.

Qozog‘iston bozorlarida dumba va yerqalampirga talab keskin oshdi

O‘tgan kun davomida Qozog‘istonda 1 494 ta yangi holat tasdiqlandi. Kasallanganlarning umumiy soni 81 720 nafarga yetgan (kasallik alomatlarsiz kechayotgan bemorlar shular jumlasidandir). 51 823 kishi ushbu kasallikni yenggan. 21-iyul holatiga ko‘ra 610 ta kishi virus qurboniga aylangan.

Mamlakatda 1,6 mln nafar muhtoj kishilarga 42 500 tenge (102 dollar) yordam puli berilgan. Davlat rahbari Qosim-Jomart Toqayev topshirig‘iga binoan, iyul oyida karantin joriy etilishi munosabati bilan ishlaydigan, karantin tufayli daromadidan ayrilgan qozog‘istonliklarga bir martalik to‘lov amalga oshirilishi belgilangan edi

Qirg‘iziston

O‘tgan sutka davomida mamlakatda pnevmoniyani inobatga olgan holda 689 ta yangi holat aniqlangan. Shu tariqa, koronavirus yuqtirib olganlarning umumiy soni 32 813 nafarni tashkil etmoqda. 20 388 kishi sog‘ayib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Pandemiya boshlangan buyon 1277 kishi virus qurboniga aylangan. Kecha 48 ta yangi o‘lim holati qayd etilgan.

Qirg‘izistonda 30-iyul milliy motam kuni sifatida e’lon qilinadi

Rossiyadan Qirg‘izistonga 50 nafardan ziyod shifokorlar yordamga kelgan. Ular bir oy davomida qirg‘izistonlik hamkasblariga COVID-19 ustidan g‘alaba qozonishda ko‘maklashishadi. Bundan tashqari, Rossiya Qirg‘izistonga tibbiyot jihozlari va turli ko‘rinishdagi insonparvarlik yordamini jo‘natgan.

Prezident Sooronbay Jeenbekov Qirg‘izistonda 30-iyul koronavirusdan vafot etganlar xotirasiga milliy motam kuni sifatida e’lon qilinishini ma’lum qildi.

O‘zbekiston

25 iyul kuni mamlakatda 592 ta koronavirus bilan kasallanish holati qayd etildi. Ularning barchasi koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

2020 yil 26-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, mamlakatda jami 20 226 kishida koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.
Shu paytga qadar 10 831 nafar koronavirus bilan kasallanganlar (54 foiz) tuzalib ketgan. So‘nggi kunlarda koronavirusdan tuzalganlar soni ham keskin oshib bormoqda. Kechaning o‘zida birdaniga 359 bemor sog‘aydi. Virus jami 112 kishini bevaqt hayotdan olib ketdi. Jumladan, kecha poytaxtlik 34 yoshli homilador ayol COVID-19 ning o‘ta og‘ir kechishi, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida mamlakat pandemiyaga qarshi qanday kurash olib borayotganiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Mirziyoyev karantin cheklovlari 1-avgustdan keyin uzaytirilishiga rozilik berdi

Davlat rahbarining ma’lum qilishicha, hozirgi vaqtda germaniyalik tibbiyot professori mamlakatga kelib, davolash jarayonlarida bevosita ishtirok etmoqda. Turkiyadan bir guruh professorlar yetib keladi. Boshqa davlatlardan ham eng tajribali mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Mirziyoyev bugungi kunda eng muhim vazifa aholi o‘rtasida virus zanjirini uzish hisoblanishi, buning uchun karantin talablariga so‘zsiz amal qilish, ularning immunitetini mustahkamlash, sog‘ligini asrab-avaylash, har bir insonning hayoti uchun kurashish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda prezident kasallik yuqtirilishining oldini olish, o‘lim holatlarini keskin kamaytirish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasini jilovlashda jasorat ko‘rsatgan 200 nafardan ziyod fidoyilar faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi.

Tojikiston

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan kun davomida 46 kishiga koronavirus tashxisi qo‘yilgan. Koronavirus bilan kasallanganlarning umumiy soni 7150 nafarga yetgan. Shulardan 5906 nafari (82,6 foizi) tuzalib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Pandemiya boshlanganidan buyon 59 kishi qurbon bo‘lgan. Hafta davomida ikkita o‘lim holati kuzatildi.

Tojikiston Rossiya bilan parvozlarni qayta tiklashga qaror qildi

COVID-19 bilan kasallanish kamayganiga qaramasdan to‘ylardagi mehmonlar soni 30-40 nafargacha qisqartirildi. Avvalgi tartibga ko‘ra to‘y sohibi kafe yoki restoranga 100 kishini mehmonga chaqirishi mumkin edi.

Tojikiston Rossiya tomonini mamlakat hukumati Rossiya bilan parvozlarni tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilgani haqida rasman xabardor qilgan.

Turkmaniston

Turkmaniston mintaqada hozirga qadar koronavirus rasman qayd etilmagan va mintaqadagi infeksiyadan xoli mamlakat bo‘lib turibdi.

Shunga qaramasdan Turkmanistonda 13-iyuldan boshlab niqob taqish majburiy qilib belgilangan. Shuningdek, qator yirik bozorlar, Ashxobodda barcha istirohat bog‘lari va savdo markazlari vaqtincha faoliyatini  to‘xtatgan. JSST missiyasi mamlakatga tashrifidan so‘ng o‘zini xuddi koronavirus kirib kelgandek ish tutishini tavsiya qilgan edi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 16 milliondan ziyod kishi koronavirusni yuqtirib olgan. Kasallikdan shifo topganlar soni 10 millionga yaqinlashmoqda. Qurbonlar soni 640 mingdan oshgan.