O‘zbekiston va AQSh afg‘on iqtisodi uchun muhim loyihalarni tezlashtirishga qaror qildi

O‘zbekiston-AQSh-Afg‘oniston uch tomonlama uchrashuvida aniq yo‘nalishlar va loyihalar bo‘yicha tor doiradagi ekspertlar uchrashuvini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Sputnik

TOShKENT, 23-iyul - Sputnik. Afg‘onistonni iqtisodiy qayta tiklash masalalari, transport, energetika, savdo, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari 21-iyul kuni O‘zbekiston raisligida bo‘lib o‘tgan "O‘zbekiston-AQSh-Afg‘oniston" uch tomonlama hamkorlik mexanizmining Iqtisodiyot bo‘yicha quyi qo‘mitasining birinchi majlisida muhokama qilindi.

Tokio Toshkentga Afg‘oniston bo‘yicha yangi maslahat shaklini taklif qildi

Videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasiga Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Kudratov, AQSh delegatsiyasiga Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Jonatan Henik va USAID administratori yordamchisi o‘rinbosari Nitin Madhav, Afg‘on delegatsiyasiga Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Mirvays Nab va Savdo va sanoat vazirining o‘rinbosari Abdul Karim Malikiyor boshchilik qildi.

TIV rahbarining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev O‘zbekiston ushbu hamkorlik shaklini savdo, investitsiya, infratuzilmani rivojlantirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi o‘zaro manfaatli loyihalarni ilgari surish uchun dolzarb mexanizm sifatida ko‘rib chiqishini ta’kidladi, ushbu sohalar uch tomonlama muloqot ishtirokchi davlatlari va butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Rahmon Afg‘oniston bilan chegaradagi vaziyatdan tashvishga tushdi

Videokonferensiyada AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo va investitsiyalar bo‘yicha Hadli bitimning to‘laqonli a’zosi maqomini Afg‘onistonga berish, Afg‘oniston iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan "Surxon – Puli-Xumri" elektr uzatish liniyasi va "Mozori-Sharif –Kabul" temir yo‘li marshruti qurilishi kabi loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazining imkoniyatlaridan foydalanish va uning negizida turli sohadagi afg‘on mutaxassislari uchun qisqa va uzoq muddatli kurslar tashkil etish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

AQSh Davlat kotibi yordamchisining o‘rinbosari Jonatan Henik "O‘zbekiston-AQSh-Afg‘oniston" uch tomonlama mexanizmining Iqtisodiyot bo‘yicha quyi komissiyasi birinchi majlisini o‘tkazish tashabbusi uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.

Uning qayd etishicha, koronavirus pandemiyasi sharoitida jahonda yuzaga kelgan vaziyat O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada chuqurlashtirish, transchegaraviy savdoni rag‘batlantirish va butun mintaqaviy bog‘liqlikni ilgari surish zarurligini talab etmoqda.

Zaxarova: Afg‘onistondan chet el qo‘shinlarining to‘liq chiqarilishi urushga nuqta qo‘yadi

USAID vakili Nitin Madhav O‘zbekiston-Afg‘oniston iqtisodiy hamkorligining jadal rivojlanib borayotganini yuqori baholadi va iqtisodiy rivojlanish, xususiy sektorni mustahkamlash, ayollar tadbirkorligini rag‘batlantirish va savdo aloqalarini faollashtirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda USAID zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Afg‘oniston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Mirvays Nab "O‘zbekiston-AQSh-Afg‘oniston" uch tomonlama mexanizmining ahamiyatini qayd etar ekan, ushbu shakl xavfsizlik, iqtisodiyot, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish uchun noyob maydon ekanligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "pandemiyaga qaramay, O‘zbekistondan Afg‘onistonga turli tovarlar, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar muntazam ravishda o‘tayotganligi afg‘on xalqiga nisbatan birodarlik munosabating namunasi bo‘ldi".

Suriyadan Afg‘onistonga qochgan jangarilar Markaziy Osiyoga hujum rejalashtirmoqda – Nurgaliyev

Kun tartibiga muvofiq transchegaraviy energetika, savdo va qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish, transport va marshrutlar xavfsizligini ta’minlash sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha panel munozaralari tashkil etildi.

Tadbir so‘ngida AQSh va Afg‘oniston vakillari Iqtisodiyot bo‘yicha quyi komissiyaning birinchi majlisini yuqori tashkiliy darajada o‘tkazilgani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi va munozaralarni ekspertlar darajasida davom ettirishni taklif etdi.

Majlis yakuniga ko‘ra aniq yo‘nalishlar va loyihalar bo‘yicha tor doiradagi ekspertlar uchrashuvini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.