TOShKENT, 23-iyul – Sputnik. UzAuto Motors Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xatiga o‘z rasmiy javobini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Kusherbayev 20-iyul kuni O‘zavtomotorsni Damas tez yordam mashinalarini Farg‘ona viloyati hokimligiga oshirilgan narxlarda sotishda ayblagan edi.
Bunga javoban kompaniya qo‘yidagilarni xabar qilmoqda:
- Epidemiya boshida “O‘zavtosanoat” va bo‘linmalari “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoatchilik fondiga 1 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ o‘tkazdi.
- Aprel oyida kompaniya respublikaga xorijiy hamkorlaridan 2 milliard so‘mlik tibbiyot jihozlarini keltirish tashabbuskori bo‘ldi.
- Yana 2 milliard so‘mga teng mablag‘ tarmoq korxonalari tomonidan Sardoba suv ombori yorilishi va Buxoro viloyatidagi to‘fondan zarar ko‘rganlar foydasiga o‘tkazildi.
- Shuningdek, karantin muassasalarining qurilishi uchun O‘SV apparatlari va 2500 ta konteyner beg‘araz taqdim etildi.
- Epidemiyaning ilk kunlarida, hali maxsus karantin markazlari yaratilmagan paytda, “O‘zavtosanoat” AJ Hojikentdagi “Lochin” idoraviy sog‘lomlashtirish oromgohini yuzlab insonlarni karantinga joylash uchun taqdim etdi va ularning to‘liq ta’minotini zimmasiga oldi.
- O‘tgan hafta Andijon viloyati hokimligiga olti dona Damas tez yordam avtomobili bepul taqdim etildi.
“UzAuto Motors” birinchi yarim yillikda xayriya maqsadlariga jami 37 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirdi, deyilgan xabarda.