TOShKENT, 22-iyul — Sputnik. Joriy yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmi 4,8 mlrd dollarni, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar - 3,2 mlrd dollarni va davlat kafolati ostidagi xorijiy kreditlar - 1,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabar qildi.
O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalarni kiritish bo‘yicha Rossiya, Xitoy, Germaniya va Turkiya davlatlari yetakchilik qildi. Respublika iqtisodiyotiga investitsiya kiritgan mamlakatlarning umumiy soni 37 tani tashkil etdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda elektrotexnika sanoati (2019 yilning shu davriga nisbatan o‘sish - 13 barobar), qurilish materiallari ishlab chiqarish (o‘sish – 3,6 barobar), AKT (o‘sish – 3,5 barobar) sohalari investorlar uchun eng jozibador bo‘lib qoldi. Oziq-ovqat sanoati (o‘sish – 1,5 barobar), kimyo sanoati (o‘sish – 1,3 barobar) va to‘qimachilik sanoati (o‘sish – 1,6 barobar) ham yaxshi o‘sish dinamikasini ko‘rsatdi.
Ta’kidlanishicha, mintaqaviy ahamiyatga molik loyihalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlarni jalb qilishning o‘sish tendensiyasi mustahkamlandi va hisobot davrida 2 mlrd dollarni tashkil etib, 2019-yilning shu davriga nisbatan 1,05 barobarga oshdi. Hududiy loyihalar doirasida investitsiyalarni o‘zlashtirish hajmi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar umumiy hajmining 62,3 foizini tashkil etdi.
Viloyatlar kesimida 2020-yilning birinchi yarmida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘sishining eng yuqori dinamikasi Namangan (1,6 barobar), Toshkent (1,6 barobar), Qashqadaryo (1,5 barobar) va Sirdaryo (1,4 barobar) viloyatlarida kuzatildi.
Umuman olganda, 2020-yil oxiriga qadar 2 mingdan ortiq ijtimoiy, infratuzilmaviy va sanoat obyektlari, shu jumladan 206 ta yangi yirik ishlab chiqarish obyekti, 240 ta hududiy ahamiyatga ega ishlab chiqarish obyekti hamda 1,6 mingga yaqin ijtimoiy va infratuzilmaviy obyektlari foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.