Tokio Toshkentga Afg‘oniston bo‘yicha yangi maslahat shaklini taklif qildi

Yaponiya O‘zbekistonning uzoq muddatli afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish borasida olib borayotgan siyosatini yuqori baholadi.
Sputnik

TOShKENT, 22-iyul — Sputnik. Tokio “Yaponiya-O‘zbekiston-Afg‘oniston” uch tomonlama maslahat shaklini yaratishni taklif qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Kamilov AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili bilan uchrashdi

Ushbu taklif O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev va Yaponiyaning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Katsuxito Takaxashi bilan onlayn muzokaralari chog‘ida bildirildi.

Ta’kidlanishicha, suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Yaponiyaning Afg‘oniston mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi sa’y-harakatlari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri afg‘onlararo ichki muzokaralarni tezroq boshlash masalalari muhokama qilindi.

Yaponiya O‘zbekiston rahbariyatining uzoq muddatli afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, mamlakatni mintaqaviy siyosiy va iqtisodiy jarayonlarga integratsiya qilish borasida olib borayotgan siyosatini yuqori baholadi.

“Afg‘onlararo tinchlik muzokaralarini ilgari surish, shuningdek, iqtisodiy yo‘nalishdagi O‘zbekistonning yuqori nufuzi va rolini inobatga olgan holda, Katsuhito Takahashi “Yaponiya-O‘zbekiston-Afg‘oniston” uch tomonlama maslahat shaklini yaratishni taklif qildi”, - deyilgan xabarda.

Shuningdek, Afg‘oniston milliy iqtisodiyotini tiklash, mamlakatda turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.