Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida karantin cheklovlari kuchaytirildi

Xususan, - kun davomida tuman miqyosida harakatlanish, shuningdek, avtotransport vositalarining, shu jumladan, yo‘nalishsiz taksilarning harakati to‘liq to‘xtatiladi.
Sputnik

TOShKENT, 22-iyul - Sputnik. Beruniy tumanida 21-iyuldan 1-avgustgacha kuchaytirilgan tartibda karantin qoidalari joriy qilindi. Bu haqda tuman a’borot-xizmati xabar bermoqda.

Suv tufayli janjal: Beruniyda yuz bergan tartibsizliklar tafsilotlari oshkor qilindi

1 avgustga qadar tuman miqyosida qo‘shimcha ravishda quyidagi karantin cheklovlari kiritildi:

- kun davomida tuman miqyosida harakatlanish, shuningdek, avtotransport vositalarining, shu jumladan, yo‘nalishsiz taksilarning harakati to‘liq to‘xtatiladi.

Ushbu bandda nazarda tutilgan cheklovlar maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida harakatlanadigan avtotransport vositalariga hamda Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 8-iyuldagi 34-son yig‘ilish bayoni bilan tasdiqlangan Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Davlat organlari va muassasalari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlarga 21-iyuldan 1-avgustga qadar xodimlarni ishga jalb etmaslik, imkoniyat doirasida masofadan ishlash, xodimlarning ushbu kunlarda uyda qolishi uchun sharoit yaratish tavsiya etiladi.

Tuman atrofidagi yo‘l patrul xizmati maskanlari, blokpostlar va to‘siq postlar faoliyati Milliy gvardiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘riqlash boshkarmasi 2-alohida otradi va tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi vakillarini jalb qilgan holda kuchaytiriladi.

Karantin 1-avgustdan keyin ham cho‘zilishi mumkin – Yusupaliyev

Tuman Davlat soliq inspeksiyasi "Shabboz dehqon bozori" MChJ bilan birgalikda sotuvchi va haridorlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida bozor faoliyatini 2020-yil 1-avgustga qadar haftaning dushanba, chorshanba va juma kunlari soat 07:00 dan 10:00 gacha tashkil qilish belgilandi.

Fuqarolarga zaruriy hollardagina tibbiy buyumlar, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun ko‘chada karantin talablariga qat’iy rioya qilgan holda harakatlanishiga ruxsat beriladi.

Fuqarolarning karantin davrida joriy etilgan tartib va qoidalar hamda "o‘zini yakkalash" hayot tarziga zid ravishda sababsiz uydan tashqariga chiqishi, jamoat joylarida bo‘lishi ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Karantin choralarining kuchaytirilishining asosiy sababi nimada – mutaxassis izohi

Supermarket va boshqa yirik do‘konlarda sanitariya-epidemiologik nazorat yanada kuchaytirilishi, ushbu obyektlarning kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash, har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37°S va undan yuqori bo‘lgan yohud infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda ushbu majmualarga kiritmaslik, ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda bo‘lish, shuningdek, obyektga kirishda fuqarolarni bepul tibbiy qo‘lqop bilan ta’minlash ishlari yo‘lga qo‘yiladi.

Aholining oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida hududlardagi oziq-ovqat do‘konlari karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda faoliyat olib boradi.

Tun davomida olti hududda 300 yaqin yangi koronavirus holati aniqlandi

Tuman hududiga kirib-chiquvchi avtotransport vositalarining harakatini cheklash, xalqaro va mahalliy tranzit yuk avtomashinalarining tuman hududidagi aholi punktlariga kirmasdan, to‘xtamasdan aylanma yo‘llar orqali o‘tishini ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. Tuman Sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi bilan birgalikda tuman hududida keng miqyosdagi dezinfeksiya ishlarini olib borish belgilandi.

Tumanda COVID-19 ni yuqtirish holati 1-iyul kuni qayd etilgan va bugungi kunda virusni yuqtirganlar soni 44 nafarni tashkil etmoqda. 21 xonadon karantinga olingan.