TOShKENT, 22-iyul - Sputnik. IIV xabariga ko‘ra, Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Axborot xizmati katta mutaxassisi, 51 yoshli podpolkovnik Zayir Saydaliyev koronavirus infeksiyasi oqibatida vafot etdi. Shu bilan IIV tizimida to‘rtinchi inson ushbu kasallik qurboniga aylandi
SSV kuni kecha "Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 51 yoshli Z.S. 17-iyul kuni IIV Markaziy gospitalining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan va 18-iyul kuni unda "COVID-19" tasdiqlangan. Bemorga "COVID-19" infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan", - deyiladi xabarda.
Bemorda kasallik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.
Shuningdek, unda yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning o‘ta og‘ir kechishi, ikkala boldir arteriyalari okklyuziyasi, chap son yonbosh arteriyasi stenozi, surunkali pankreatit kabi hamroh xastaliklar bo‘lgan.
Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan.
Asosiy kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirganlar soni 21-iyul holatiga ko‘ra 17881 nafarni tashkil qilmoqda. 8 265 nafar bemordan 101 nafari og‘ir, 32 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. 95 kishi "COVID-19" qurboniga aylangan.