Koronavirus tufayli futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati vaqtincha to‘xtatildi

Superliganing “Paxtakor”, “Buxoro” hamda “Surxon”da umumiy hisobda o‘ndan ziyod virus yuqtirib olgan futbolchilar bor.
Sputnik

TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. Futbol bo‘yicha Coca-Cola Superligasi 10-tur o‘yinlari qoldirildi. Bu haqda Professional futbol ligasi rasmiy saytida xabar qilindi.

Xabarda yozilishicha, Superliganing uch klubi — “Paxtakor”, “Buxoro” hamda “Surxon”da umumiy hisobda o‘ndan ziyod virus yuqtirib olgan futbolchilar bor.

“Coca-Cola Superligasi uchrashuvlari 28-iyulga qadar to‘xtatiladi va shu kuni chempionat 10-turdan boshlab davom ettiriladi. Taqvimning keyingi ehtimoliy ko‘rinishlari alohida muhokama etiladi. TV dasturlar vaqtiga xalal bermaslik maqsadida 10-tur uchrashuvlarining barchasi 19:00 da start oladi”, - deyilgan xabarda.

Ushbu qaror 20-iyul kuni klublar ishtirokida bo‘lib o‘tgan videokonferensiyadan keyin qabul qilingan.

“Bunyodkor” klubi futbolchisi koronavirus yuqtirib olganlikda gumon qilinmoqda

Shu vaqt mobaynida Superliganing barcha klublari bor diqqat-e’tiborini futbolchilar salomatligiga qaratadi. Klublarning barchasi xususiy klinikalar bilan hamkorlikda test topshiradi. Bunda O‘zPFL o‘zi ro‘yxatdan o‘tkazgan barcha futbolchi va murabbiylar test topshirganiga ishonch hosil qilishi kerak bo‘ladi. Test javoblarini to‘liq taqdim etmagan klublar qolgan jamoalar futbolchilar salomatligini xavf ostida qoldirmaslik uchun musobaqaga qo‘yilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Paxtakor” klubining besh nafar o‘yinchisi koronavirus bilan kasallangani xabar qilingan edi.