Suriyadan Afg‘onistonga qochgan jangarilar Markaziy Osiyoga hujum rejalashtirmoqda – Nurgaliyev

Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, KXShT doirasida terrorchi deb tan olingan tashkilotlarning yagona ro‘yxatini shakllantirish ham dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 16-iyul - Sputnik. Suriyadagi qator mag‘lubiyatlardan so‘ng IShID* jangarilari Afg‘onistonga o‘tmoqda. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi o‘rinbosari Rashid Nurgaliyev ma’lum qildi.

“Terroristlar Afg‘oniston shimolida faollashdi, Markaziy Osiyoning qo‘shni davlatlariga bostirib kirish rejalarini ishlab chiqmoqda”, - dedi u.

KXShT jangarilar harakati ustidan razvedkani kuchaytiradi - Zaxarova

Aynan shu sababdan KXShT uchun tojik-afg‘on chegarasi strategik ahamiyatga ega. Tashkilot Markaziy Osiyoda o‘z chegaralarini mustahkamlashi uchun Tojikiston hududida harbiy infratuzilma yaratilmoqda, terrorizmga qarshi va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash usullari takomillashtirilmoqda.

Shuningdek, KXShT doirasida Rossiya, Tojikiston va boshqa davlatlar fuqarolarini terrorchilar safiga jalb qilinishini oldini olish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.

Nurgaliyevning so‘zlariga ko‘ra, KXShT doirasida terrorchi deb tan olingan tashkilotlarning yagona ro‘yxatini shakllantirish ham dolzarb bo‘lib qolmoqda.

* Rossiya va qator davlatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkilot.