TOShKENT, 16-iyul - Sputnik. Koronavirusning alomatsiz tashuvchisi bo‘lmaydi. Bu haqda mikrobiolog, Bern universiteti (Shveysariya) immunologiya institutining sobiq direktori va faxriy professori Beda Shtadler ma’lum qildi. “Izvestiya” nashri xabariga asosan.
Uning fikriga ko‘ra, “alomatsiz”larda, xavf guruhiga kirmagan ko‘plab bolalar kabi, kasallikka qarshi immunitet mavjud. Gap shundaki, COVID-19 testlari virusning tirikmi yoki immunitet tizimi tomonidan bostirilganmi, buni aniqlay olmaydi va natijada “virusning mayda parchalangan qismlarini” kasallikning faol rivojlanayotgani sifatida qabul qilishi mumkin.
“Ehtimol, kasallanishlar haqidagi kunlik ko‘p sonli xabarlar faqatgina virusli chiqindi tufayli kuzatilyapti”, - deydi Shtadler.
Uning so‘zlariga ko‘ra, alomatsiz tashuvchilar virusni bostirib bo‘lgan va ular endi kasallik tarqata olmaydilar.
Mutaxassis COVID-19 ga qarshi kurashda yo‘l qo‘yilgan bir qator xatolarga e’tibor qaratdi. Professorning so‘zlariga ko‘ra, Sars-CoV-2 koronavirusi mutlaqo yangi emas, u shamollashni keltirib chiqaradigan mavsumiy virusga o‘xshaydi, yozda mutatsiyaga uchrab yo‘qoladi.
Bunga misol sifatida Shtadler nemis olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotni keltiradi. Unga ko‘ra, COVID-19 bilan kasallanmagan berlinliklarning 34 foizi T-hujayralari ma’sul bo‘lgan orttirilgan immunitetga ega. Demak, bu hujayralar Sars-CoV-2-da oddiy shamollashning qo‘zg‘atuvchisiga o‘xshash tuzilmani aniqlab unga qarshi kurashadi.
Epidemiologlarning koronavirus infeksiyasining mavsumiyligiga ishonmasliklari noto‘g‘ri modellar va prognozlar tuzilishiga olib keldi, deydi mutaxassis.
“Garchi dastlabki juda yomon ssenariylar hech qayerda amalga oshmagan bo‘lsa-da, ba’zi odamlar hamon ikkinchi to‘lqinni bashorat qiladigan modellarga yopishib olishgan”, - deydi u.
Uning fikricha, virus qishda qaytishi mumkin, ammo bu “ikkinchi to‘lqin emas, balki mavsumiy xususiyatli” bo‘ladi.
“Niqoblarda yuradigan yosh va sog‘lom odamlar dubulg‘a kiygan ma’qulroq, chunki ularning boshiga biror narsa tushishi xavfi koronavirusga chalinish xavfidan ko‘proq”, - deya kinoya qiladi Shtadler.