TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. 2020-yili yanvar-iyun oylarida jismoniy shaxslar tomonidan jami miqdori 3,9 mlrd AQSh dollariga teng chet el valyutasi bilan bog‘liq operatsiyalar (sotish va sotib olish) amalga oshirilgan. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki axborot xizmati xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, hisobot davrida jismoniy shaxslar tomonidan sotilgan chet el valyutasi miqdori 2,2 mlrd AQSh dollarini tashkil etib, avvalgi yilning mos davriga nisbatan 57 foizga yoki 797 mln dollarga oshdi (2019 yili — $1,399 mlrd). Faqat aprel oyida chet el valyutasini sotish hajmi sezilarli daraja tushib ketgan (172 mln dollar).
Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan valyuta hajmi esa 1,7 mlrd dollarga teng bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 baravarga oshgan (2019 yilning mos davrida — $557 mln).
Natijada ushbu operatsiyalar bo‘yicha ijobiy saldo 491 mln dollarga etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 351 mln dollarga (yoki 42 foizga) kamaygan.