Karantin choralarining kuchaytirilishining asosiy sababi nimada – mutaxassis izohi

Koronavirusga qarshi kurashish maxsus komissiyasi a’zosining so‘zlariga ko‘ra, ilgari asosan koronavirus chet eldan qaytarilganlarda aniqlangan bo‘lsa, hozir teng yarmi aholi orasida aniqlanyapti.
Sputnik

TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. AOKA huzuridagi shtabda koronavirus  tarqalishining oldini olish va aholi salomatligini ta’minlash yuzasidan tizimda olib borilayotgan ishlar yuzasidan brifing o‘tkazildi.

Unda koronavirusga qarshi kurashish maxsus komissiyasi a’zosi Habibulla Oqilov karantin cheklovlarining keskinlashtirilganining asosiy sababini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 61 nafarga yetdi

Uning so‘zlariga ko‘ra, karantin cheklovlari yumshatilgan keyin kasallanish soni keskin ortib borgan. Hozirgi kunda klinikalarda 5 mingdan ortiq o‘rinda koronavirusga chalingan bemorlar davolanmoqda.

Oqilov fuqarolar 20 kun uyda o‘tirsa va bu bilan zararlanish zanjiri uzilsa, bemorlar soni ham kamayishiga ishonch bildirdi.

“Ilgari yangi zararlanish soni asosan chet eldan qaytarilgan vatandoshlarimiz ichidan chiqqan bo‘lsa, teng yarmi aholi orasida aniqlanyapti. Mana shu karantin choralarining kuchaytirilishining asosiy sababidir”, - dedi mutaxassis.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq 13 193 ta holat aniqlangan. Kecha, 12-iyul kuni mamlakatda 484 ta yangi kasallanish holati aniqlangan, shundan 265 tasi aholi orasida. Bemorlarning 7852 nafari tuzalib ketgan. Jami 61 kishi virus qurboniga aylangan.