TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. Coca-Cola Superliga 9-turidan o‘rin olgan “Buxoro” — “Bunyodkor” uchrashuvi noma’lum muddatga qoldirildi. Bu haqda Professional futbol Ligasi (PFL) rasmiy sayti xabar qilmoqda.
“Bunyodkor” klubi futbolchilaridan biri virus yuqtirib olganlikda gumon qilinmoqda. Shundan kelib chiqib, futbolchi alohida izolyatsiyaga olingan”, - deyilgan xabarda.
Qayd etilishicha, “Bunyodkor” bazasi dezinfeksiya qilinadi va jamoa a’zolari tekshiruvdan o‘tadi. Hammasi joyida bo‘lgan taqdirda, futbolchilar shifokorlar nazorati ostida mashg‘ulotlarni davom ettirishga ruxsat etiladi.
Shuningdek, “Bunyodkor” bilan 7-iyul kuni bahs olib borgan “Navbahor” futbolchilari ham tekshiruvdan o‘tkaziladi. Ta’kidlanishicha, hozirda “Navbahor”ning barcha futbolchilari o‘zini yaxshi his qilmoqda.
“Buxoro” — “Bunyodkor” uchrashuvi 14-iyul kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi.
O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq 12 855 ta holat aniqlangan. Shulardan 7723 nafari tuzalib ketgan. Virus qurbonlari soni 59 nafarga yetgan.