TOShKENT, 8-iyul - Sputnik. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev 13-iyulni koronavirus oqibatida vafot etgan insonlar xotirasiga Milliy motam kuni deb e’lon qildi.
"Afsuski, kasallik tufayli qurbon bo‘lish holatlari mamlakatda davom etmoqda. Rasmiy svodkalar ortida yuzlab oilalar fojiasi yotibdi. Kimdir otasidan, onasidan, akasidan, opasidan, qizidan yoki o‘g‘lidan judo bo‘lgan. Vafot etganlar oilalariga ta’ziya bildiraman. Bu barchamizning boshimizga tushgan umumiy falokat. Shu bois, 13-iyulni pandemiya qurbonlariga aylangan qozog‘istonliklar xotirasiga Milliy motam kuni sifatida e’lon qilishga qaror qildim", - deb aytgan Tokayev.
Prezident har bir qozog‘istonlik, qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar vafot etganlar xotirasiga hurmat bajo keltirishiga ishonch bildirdi.
"Barcha vatandoshlarni qat’iyat va hotirjamlikni namoyish etishga chaqiraman. Xalqimiz boshiga tushgan og‘ir qismat oldida mas’uliyatni unutmaylik. Biz koronavirusga qarshi kurashni davom ettirmoqdamiz. G‘alaba biz tomonda bo‘lishiga shubha yo‘q. Biz umidsizlikka tushmasligimiz, agressiya, apatiyaga berilmasligimiz lozim. Bugun birdam bo‘lishimiz har qachongidanda muhim. Biz hech kimni kulfatda qoldirmaymiz va har bir qozog‘istonlik hayoti va sog‘lig‘i uchun kurash olib boramiz", - deya xotima qilgan prezident.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirusdan Qozog‘istonda 264 kishi vafot etgan. Pandemiya boshlanganidan buyon kasallanganlar soni 51 059 nafarni tashkil qiladi, COVID-19dan sog‘ayganlar - 16 928 kishiga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, motam kunlari Qozog‘istonda davlat va o‘z-o‘zini boshqarish organlari binolarida, chet el diplomatik muassasalarida davlat bayroqlari tushiriladi. Ko‘ngilochar tadbirlar va teledasturlar bekor qilinadi.