Nord Stream 2 AG so‘roviga binoan Daniya energetika agentligi Bornxolm orolining janubiy-sharqidagi “Shimoliy Oqim-2” gaz quvurining qurilishi tugallanmagan qismida langar bilan joylashuvchi kemalardan foydalanishga ruxsat berdi.
Milliy energetik xavfsizlik Jamg‘armasi yetakchi tahlilchisi Igor Yushkovning so‘zlariga ko‘ra, Daniya qarori Rossiyaga “Akademik Cherskiy” kemasi bilan birgalikda quvur yotqizuvchi barjalarni, xususan, “Shimoliy Oqim-2” uchun yetkazib berish bazasi bo‘lgan Germaniyaning Mukran portida joylashgan “Fortuna” ni ishlatishga imkon beradi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, “Shimoliy Oqim-2”ni tugatish bo‘yicha ishlar tezlashishi kerak, ammo “Akademik Cherskiy” va “Fortuna” ilgari Daniya qismini qurgan Shveysariyaning Allseas kompaniyasining kemalaridan ancha sekinroq ishlaydi.
“Shveysariyaliklarning Pioneering Spirit kemasi dunyodagi eng tez quvur yotqizuvchi kema bo‘lib, u kuniga 4-5 kilometr truba yotqizishi mumkin, “Akademik Cherskiy” esa kuniga eng ko‘pi bilan 2 kilometr, “Fortuna” quvur yotqizuvchi barja esa undan ham oz - 1 kilometr. Aslida ikkala uchastkaning umumiy uzunligi 130 kilometrdan oshmaydi, shuning uchun ikkala kemadan foydalanish tugatish jarayonini sezilarli darajada tezlashtiradi”, - deb tushuntirdi Yushkov Sputnik radiosi efirida.
Uning eslatishicha, bugungi kunda “Shimoliy Oqim-2” gaz quvurining qariyb 96 foizi tayyor.
"Bu Rossiyaning ustuvor yo‘nalishi, Rossiyaning prinsipial pozitsiyasi – bu “Shimoliy Oqim-2”-ni tugatish kerakligi. <...> Qurilishning kuzda yakunlanishi ehtimoldan holi emas”, - dedi Yushkov.
Ekspertning qo‘shimcha qilishicha, hozirda AQShda “Shimoliy Oqim-2”ga qarshi yangi sanksiyalar muhokama qilinmoqda.
“Yangi sanksiyalarda aytilishicha, “Shimoliy Oqim-2” qurilishiga yetkazib berish ishlari bilan shug‘ullanadigan portlarni ham sanksiyalarga tushurish mumkin. Bu yerda savol tug‘iladi: AQSh Yevropadagi ittifoqchisi - Germaniyani ham jarimaga tortadimi?”, - dedi u.