Samarqandda tug‘ilgan siam egizaklari uch soat farq bilan vafot etdi

Samarqandda tug‘ilgan siam egizaklari 10 kun ham yashamadi. Chaqaloqlarda nafas va yurak yetishmovchiligi bo‘lgan.
Sputnik

TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. Samarqand viloyatida tug‘ilgan siam egizaklari vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qilmoqda.

Ta’kidlanishicha, chaqaloqlarda nafas va yurak yetishmovchiligi bo‘lgan. Ularning doimiy namlangan va ilitilgan kislorod bilan nafas olishi va tajribali mutaxassislar nazoratida bo‘lishi zarur bo‘lgan. Shu bois egizaklar 29-iyun kuni Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga o‘tkazilgan.

"Ahvoli og‘ir": shifokor Samarqandda dunyoga kelgan siam egizaklari sog‘lig‘i haqida

Biroq 6-iyul kuni shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tezkor muolajalarga qaramasdan chaqaloqlarda ko‘p sonli tug‘ma rivojlanish nuqsonlar borligi sababli dastlab soat 7:50 da siam egizaklarining birinchisi, 10:50 da esa ikkinchisi nafas va yurak yetishmovchiligi tufayli vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, siam egizaklarining ditsefal turiga mansub egizak qizlar 27-iyun kuni Samarqand viloyati perinatal markazida kesarcha kesish natijasida tug‘ilgani xabar qilingan edi.