TOShKENT, 2-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda koronavirus RNKsini aniqlaydigan test ishlab chiqildi.
COVID-19 RNKsini ajratishga mo‘ljallangan diagnostik to‘plam O‘zR FA O‘simlik moddalari kimosi instituti xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan.
Ta’kidlanishicha, uning klinik sinovlari Sog‘liqni saqlash vazirligi laboratoriyalarida, shu jumladan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining maxsus laboratoriyasida o‘tkazilgan va ijobiy natijalarni ko‘rsatdi.
“SARS-CoV-2 virusi RNKsini ajratishga mo‘ljallab ishlab chiqilgan ushbu to‘plam dunyoda ishlab chiqariladigan analoglari bilan taqqoslanganda sezgirligi, o‘ziga xosligi, ayniqsa, kam vaqt talab qilishi (1 soat), qulayligi va arzonligi (kamida 30% ga arzonroq) kabi ustunliklarga ega”, - deyilgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi matbuot xizmati xabarida.
U “ENKOR” nomi bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan va keng ko‘lamda ishlab chiqarish uchun ruxsat berildi.
Bundan tashqari, ushbu to‘plam yordamida gepatit V, gepatit S, odam immun tanqisligi virusi (VICh) RNK/DNKsini ajratish mumkin.
“ENKOR” mamlakatga xorijdan keltiriladigan narxdagi to‘plamlarning o‘rnini bosishga imkoniyat yaratishi qo‘shimcha qilingan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan COVID-19 ni diagnostika qilish uchun polimeraz zanjir reaksiyasi (PZR) usuli standart sifatida taklif qilingan. Ma’lumki, PZR diagnostika tahlilini amalga oshirish uchun dastlab koronavirus RNKsini ajratib olish talab etiladi.