Samarqandda tug‘ilgan siam egizaklaridan oilasi voz kechdi - OAV

Ta’kidlanishicha, ota-ona tibbiyot imkoniyatlariga shubha bilan qaragan. Oilaning kattalari hatto eskicha urf-odatlar va folbinning bashoratlariga ishonib, bolaning dunyoga kelishini kutgan.
Sputnik

TOShKENT, 1-iyul - Sputnik. Samarqand viloyatida dunyoga kelgan ikki boshli chaqaloqdan oilasi voz kechdi, deb xabar berdi "Sevimli" telekanali.

Samarqandda ikki boshli chaqaloq dunyoga keldi – video

Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi davolash ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Dilshod Rahmonovning ma’lum qilishicha, ona homiladorligining 16 va 21 haftaligida skrining tekshiruvidan o‘tkazilgan. O‘shanda bolada tug‘ma nuqsonlar borligi haqida aytilgan.

Egizaklarning bobosi bilan o‘tkazilgan telefon suhbatida u chaqaloqlarni oilasiga qabul qila olmasligini aytgan.

"Qayerga olib ketamiz uni? Hozir davleniyem chiqib, o‘lishim kerak. Uning qancha yashashini ham bilmaymiz. Bir martaga adashdim, kelinni qiynab bolani oldirib tashlamadim. Yaxshi bola tug‘iladi deb o‘yladim", — deydi bolaning bobosi.

Shifokorlarning aytishicha, chaqaloqning ahvoli og‘ir. Ona hozirda jonlantirish bo‘limidan chiqqan.

Hindistonda bir boshli siam egizaklari dunyoga keldi

Ma’lumotlarga ko‘ra, homilador ayol skriningdan o‘tkazilganida shifokorlar homilaning nogironligini aytishgan. Uni dunyoga keltirish ham ona, ham chaqaloq hayoti uchun xavf tug‘dirishi haqida ogohlantirilgan. Ayol va uning qaynonasi homilani to‘xtatishga rozi bo‘lgan va bu borada tilxat yozib ham bergan. Biroq ular bu ishni amalga oshirmagan.

Tuman tibbiyot birlashmasi Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha boshlig‘i o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, onaning o‘zi homilani to‘xtatishga rozi bo‘lgan. "Qaynotasi tomonidan ruxsat bo‘lmagani sabab homila 7 oylikkacha yetib keldi. Shunda ham to‘xtatilsin deyilganida ular ko‘nmagan", — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, ota-ona tibbiyot imkoniyatlariga shubha bilan qaragan. Oilaning kattalari hatto eskicha urf-odatlar va folbinning bashoratlariga ishonib, bolaning dunyoga kelishini kutgan.