Janubiy Koreya koronavirusga qarshi kurashish uchun O‘zbekistonga 5 mln $ ajratadi

Ushbu ko‘mak doirasida COVID-19 haqida ma’lumot beradigan mobil ilovalar ishlab chiqariladi. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari zarur shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanadi.
Sputnik

TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. Janubiy Koreya hukumati O‘zbekistonda COVID-19 ga qarshi kurashish uchun 5 million dollar miqdorida favqulodda yordam ko‘rsatishga qaror qildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar qilmoqda.

Ushbu dasturni tez fursatlarda amalga oshirish maqsadida Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOISA)ning Toshkentdagi vakolatxonasi bilan O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash rejalashtirilgan.

Janubiy Koreya O‘zbekistonga iqtisodiyotni raqamlashtirishda beg‘araz yordam berishga tayyor

Ushbu ko‘mak doirasida COVID-19 tarqalishiga qarshi kurash, shu jumladan tibbiy muassasalarni asbob-uskunalar bilan jihozlash, kadrlar malakasini oshirish kabi tadbirlar amalga oshiriladi.

Xususan, tibbiyot sohasi mutaxassislarining zamonaviy bilim va ko‘nikmalari mustahkamlanadi. COVID-19 haqida ma’lumot beradigan mobil ilovalar ishlab chiqiladi. Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari zarur shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanadi.