Koronavirus bemorlari uch toifaga ajratildi: kimlar qayerda davolanadi

O‘zbekistonda joriy yil 5-iyuldan koronavirus yuqtirib olgan bemorlarni davolash yangicha tartib joriy etilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda koronavirus yuqtirib olgan bemorlar uch toifaga ajratilmoqda. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasi qarori qabul qilindi.

Toifalar:

  • koronavirus infeksiyasining yengil shakllari aniqlangan (kasallik alomatlarsiz o‘tayotgan) bemorlar;
  • koronavirus infeksiyasi o‘rtacha og‘ir kechayotgan (tana harorati ko‘tarilayotgan) bemorlar;
  • koronavirus infeksiyasi og‘ir kechayotgan bemorlar.

Joriy yil 5-iyul sanasidan boshlab koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarni davolash bilan bog‘liq quyidagilarni nazarda tutuvchi yangicha tartib joriy etilmoqda:

O‘zbekistonda koronavirus alomatlari yengil kechayotgan bemorlar uy sharoitida davolanadi

- kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar shifokor tavsiyalari asosida, sanitariya-gigiyena qoidalari hamda parvarish uchun zarur sharoitlar mavjud bo‘lganda, uy sharoitida davolanishiga ruxsat etiladi;

- shifoxonalarda va uy sharoitida davolanayotgan kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar 10 kun muddatda klinik belgilari kuzatilmagan taqdirda nazoratdan chiqarish amaliyoti joriy etiladi;

- koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemor bilan birlamchi muloqotda bo‘lganlar 14 kunlik karantin muddatini uy sharoitida yoki tasdiqlangan ro‘yxatga asosan mehonxonalarda barcha sanitariya-epidemiologiya va karantin cheklovlariga rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat beriladi;

- birlamchi skrining test tahlillari musbat natija bergan namunalarni tasdiqlash tahlillarini o‘tkazish vakolati Bosh sanitar shifokor ko‘rsatmalaridan kelib chiqib hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlariga beriladi.

Aholining populyatsion ma’lumotlar bazasini yaratish maqsadida koronavirus antitanachalariga IFA tekshirishlariga, davlat tibbiyot muassasalari bilan bir qatorda, xususiy sog‘liqni saqlash sektoridagi tibbiyot muassasalari ham jalb etilishi mumkin.