Senat vakili Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tavsiyasiga e’tiroz bildirdi

Sal oldin Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan qo‘shni davlatlar oliy ta’lim muassasalariga berilgan baho xorijiy OAV va internetda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi
Sputnik

TOShKENT, 25-iyun - Sputnik. Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan "Qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim tashkilotlarining ta’lim sifati darajasini aniqlash bo‘yicha tavsiya"siga e’tiroz bildirdi.

O‘zbekistonning talabalarni qaytarish qarorida siyosiy ma’no yo‘q - Ne’matov

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ushbu tavsiyasini joriy yil 18-iyun kuni e’lon qilgan bo‘lib, unda idora nostrifikatsiya bilan bog‘liq jarayonni tahlildan o‘tkazib, qo‘shni Kirg‘iziston va Tojikiston davlatlarining qator oliy ta’lim muassasalariga salbiy baho bergan va fuqarolarga tegishli tavsiyalar bergan.  

Shundan so‘ng ushbu tavsiya matni yaqin qo‘shni davlatlar ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. 

"Tavsiya matni bilan yaqindan tanishganimizda, undagi ba’zi fikr va xulosalar o‘rinli e’tiroz va savollarni tug‘dirmoqda...

Vazirlik qo‘shni davlatlardan o‘qishni ko‘chirishda kuzatilayotgan qalbakilashtirishdan ogohlantirdi

Birinchidan, Inspeksiya aniq va asoslangan mezonlar o‘rniga "O‘zbekiston mehnat bozori talab darajasiga mos emas" degan umumiy jumla bilan chegaralanib qolmoqda. Savol: bunday xulosa chiqarish uchun, eng avvalo, o‘sha mehnat bozori parametrlari qani? Ularni kim belgilagan? Qo‘shni davlatlarning OTMlari qachon va kim tomonidan tekshirilgan? 

Ikkinchidan, e’lon qilingan tavsiyada "...sifatli ta’lim arzon bo‘lmas", va "qo‘shni mamlakatlardagi aksariyat OTM tomonidan taklif etilayotgan to‘lov-kontrakt narxi sifatli ta’lim berish imkoniyatini bermaydi" deb ta’kidlangan. Savol: Nimaga? Bu qanday konuniyat bo‘ldi? Balki, biz avval O‘zbekiston OTMlarining kontrakt narxlariga va shu narxlarga bizda berilayotgan ta’lim sifatiga xolisona boqarmiz?

Menimcha, bu yerda ko‘proq raqobat va mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining raqobatbardoshlik darajasi haqida so‘z yuritsak adolatdan bo‘ladi.

O‘qishni ko‘chirish tartibi buziladi: Mansurov Tojikistondan o‘zbek talablarining ketishi haqida

Uchinchidan, mamlakatimiz hukumat Inspeksiyasining xorijiy davlatlar OTMlariga bunday baho berishga huquqi bormi? Bu harakatlaning maqsadi, ularning davlatimiz milliy manfaatlari va tashqi siyosatdagi intilishlariga qanchalik to‘g‘ri keladi? Qo‘mitamizning tegishli so‘rovnomasi Inspeksiyaga yuborildi va rasmiy javobni kutib qolamiz", - deyiladi e’tiroz matnida.

Alimov hozirgi murakkab xalqaro vaziyatda inspeksiya O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mintaqasida vujudga kelgan ochiqlik, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangan mutlaqo yangi siyosiy muhitni qadriga yetib, faoliyatda qardosh Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari bilan do‘stlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston tomoni qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolari hech qanday imtihonlarsiz o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishlari mumkinligi haqida ilk bor joriy yil fevral oyida e’lon qilgan edi. Shu kunlarda o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha komissiya iyul oyining 15 sanasidan yana o‘z faoliyatini boshlashi, o‘sha vaqtda fuqarolar yana ushbu masalada arizalar topshirishi mumkinligi aytildi.