OTB O‘zbekistonga 500 mln $ imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi

Mablag‘ pandemiya davrida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz ishlashi hamda aholini samarali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Sputnik

TOShKENT, 25-iyun — Sputnik. Osiyo taraqqiyot banki (OTB) direktorlar Kengashi budjetni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonga 500 mln dollar miqdorida moliyaviy mablag‘ ajratishni ma’qulladi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabar qilmoqda.

Ajratilgan moliyaviy mablag‘ pandemiya davrida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz ishlashi hamda aholini samarali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston pandemiya tufayli OTBdan 1 mlrd dollargacha mablag‘ so‘radi

Bu mablag‘lardan sun’iy nafas oldirish apparatlari, test tizimlari, shaxsiy himoya vositalarini sotib olish hamda sog‘liqni saqlash sohasida faoliyat yuritayotgan ayollarga alohida ijtimoiy paketlar berish uchun ham foydalaniladi.

Ushbu moliyaviy yordam mintaqaviy texnik yordam doirasida OTB tomonidan O‘zbekiston hukumatiga ilgari taqdim etilgan 1 555 900 dollar miqdoridagi grant mablag‘lariga qo‘shimcha ko‘mak hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, uzoq muddatli imtiyozli moliyalashtirishni ajratish to‘g‘risidagi kelishuvga haqda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov hamda OTB prezidenti Masatsugu Asakava o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarda erishilgan edi.