Qashqadaryoda sotuvchi 50 ming so‘m uchun xaridorni urib o‘ldirib qo‘ydi

Qamashi tumanida do‘kon xodimi olgan telefoni uchun to‘lanmagan qarzini olib kelgan xaridor bilan janjallashib, uning yuziga musht tushirdi.
Sputnik

TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. Qashqadaryoda do‘kon sotuvchisi qarzini olib kelgan xaridorning umriga zomin bo‘ldi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Voqea 16-iyun kuni Qamashi tumani “Iftixor” ko‘chasida joylashgan “Hunarmand” savdo majmuasi oldida sodir bo‘lgan. Do‘kon xodimi A.L. “Redmi 8A” telefonini 1,6 mln so‘mga sotib olib, shundan to‘lanmay qolgan 250 ming so‘m qarzini berish maqsadida kelgan E.S.dan 300 ming so‘m berishini talab qilgan. Telefon 2020-yil 27-aprel kuni xarid qilingan edi.

Zangiotada 21 yoshli yigit raqibini belkurak bilan urib o‘ldirib qo‘ydi

Ular o‘zaro janjallashib qolishgan. Tashqariga chiqib sotuvchi xaridorning yuzi va boshiga mushti bilan bir necha marotaba urgan. Natijada u yerga bosh qismi bilan yiqilib, tan jarohati olgan. Xaridor kasalxonada tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan.

Sud tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, E.S. bosh miyaning yopiq jarohati, ensa suyagining chiziqli sinishi va boshqa ko‘rinishdagi hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati olganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan A.L.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (Jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi ochilgan va u ushlangan.