Gurbanguli Berdimuhamedov Moskvaga G‘alaba paradiga kelishdan bosh tortdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muloqot davomida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Moskvaga tashrifni qoldirish uchun muhim sabablarni keltirib o‘tdi.
Sputnik

TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon muloqotida 24-iyun kuni Moskvada bo‘lib o‘tadigan G‘alaba paradiga tashrif buyura olmasligini ma’lum qildi. Bu haqda "Tukrmaniston. Oltin asr" nashri xabar qilmoqda.

Unutilgan o‘tmish saboqlari va uning og‘ir to‘lovi — Putin maqolasi

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Moskvada o‘tkaziladigan Buyuk G‘alabaning 75-yilligi munosabati bilan tashkillashtiriladigan umumiy bayramda ishtirok eta olmasligi sabablarini tushuntirdi.

Buning boisi 29-iyun kuni turkman yetakchisi 63 yoshga to‘ladi - ya’ni u Muhammad (s.a.v.) yoshiga yetadi. Milliy an’analarga ko‘ra, bu sanani oila, yaqinlar va qarindoshlar, butun xalq bilan birgalikda nishonlanadi.

Pandemiya tufayli Turkmanistonda xorijdan keladigan barcha uchun majburiy 14 kunlik karantin joriy etilgan. Demakki, Berdimuhammedov Moskvaga boradigan bo‘lsa, ikki hafta o‘z-o‘zini izolyatsiyalashiga to‘g‘ri keladi va muhim sanani oilasi bilan birgalikda nishonlashdan voz kechishga to‘g‘ri keladi.

Prezident o‘rniga Moskvada o‘tkaziladigan G‘alaba paradiga Turkmanistondan mudofaa vaziri general-mayor Begench Gundogdiev boshchiligidagi delegatsiya yuboriladi.