TOShKENT, 18-iyun - Sputnik. AIMK shtabida Sardobadagi toshqin oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha brifing bo‘lib o‘tdi.
Qurilish vazirligi boshqarma boshlig‘i Jalol Arashev zarar ko‘rgan hududlarda ta’mirlash-qurilish ishlari jarayoni to‘g‘risida hisobot berdi.
Sirdaryo viloyati hokimligi injiniring kompaniyasi va pudratchilar bilan 200 milliard so‘mlik shartnomalar imzoladi. Shundan 112,1 milliard so‘m Sardoba hududini tiklash uchun, Xakikat mahallasi uchun 60,6 milliard va Mirzaobod tumani Navbahor mahallasi uchun 27,3 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Bundan tashqari, umumiy maydoni 52,5 gektarda 2640 xonadondan iborat 66 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ko‘p xonadonli uylarni ta’mirlash va unga tutash hududlarni obodonlashtirish uchun 19 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ kerak bo‘ladi, shundan 12 milliard so‘m uylarni ta’mirlashga va 7 milliard so‘mdan ortig‘i obodonlashtirish ishlariga sarflanadi.
Eslatib o‘tamiz: 1-may kuni Sirdaryo viloyati Sardoba suv omborida to‘g‘on o‘pirilib, natijada yaqin atrofdagi hududlarni suv bosdi.
Ayni paytda evakuatsiya qilingan aholi uchun suyultirilgan gaz (qariyb 224 tonna) va maishiy gaz (1000 ballon) zaxirasi yaratilib, Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida 124 kilometr tashqi va ichki gaz quvurlari o‘tqazildi.