O‘zbekiston va Isroil birinchi xalqaro reysni 25-iyun kuni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda

Aziz Abduhakimov Isroil davlatining favqulodda va muxtor elchisi Eduard Shapira bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki tomonlama turizmni tiklash muhokama qilindi.
Sputnik

TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Isroil davlatining favqulodda va muxtor elchisi Eduard Shapira bilan uchrashdi.

Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Aziz Abduhakimov O‘zbekiston ikki tomonlama turizmni tiklash ishlarini boshlashga, isroillik sayyohlarni maksimal qulaylik va xavfsizlik bilan ta’minlashga tayyorligini bildirdi.

O‘zbekistonda turizm uch bosqichda tiklanadi

Eduard Shapira O‘zbekistonda pandemiyani nazorat qilish bilan bog‘liq barqaror vaziyatni inobatga olib, ikki mamlakat aviatsiya hukumatlari o‘rtasida muhokamalar jarayonini imkon qadar qisqa fursatlarda boshlash va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash choralarini tezkor ishlab chiqishni taklif qildi. U Isroil turizm vazirligi hamda elchixonasi O‘zbekiston isroillik sayyohlarni qabul qiluvchi birinchi mamlakatlar qatorida bo‘lishi uchun har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini alohida ta’kidladi.

“Diplomat Isroil tomonining 25-iyun kuni Toshkentdan Tel-Avivga birinchi reysni tashkillashtirishda ko‘mak ko‘rsatish iltimosini yetkazdi. O‘zbekiston tomon ushbu masalani qisqa fursatda ko‘rib chiqib, mamlakatimizga sayyoh sifatida tashrif buyurishni rejalashtirayotgan Isroil fuqarolari uchun tijoriy asosida “Tel-Aviv - Toshkent” yo‘nalishidagi reyslarni yo‘lga qo‘yish taklif etildi”, - deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 15-iyundan koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanayotgan mamlakatlar bilan aviaqatnovlarni tiklamoqda. Isroil sanitar-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan mamlakatlar guruhiga kiradi. Shu bois u yerdan mamlakatga kelganlar karantinga olinmaydi.