O‘zbekiston ichki turizmni yanada rivojlantiradi

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ichki turizm sohada 200 mingdan ziyod aholini ish bilan ta’minlash mumkin. Mutasaddilarga yangi ichki turizm marshrutlari ochish, ko‘chma dam olish maskanlarini ko‘paytirishga oid ko‘rsatmalar berildi.
Sputnik

TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xizmat ko‘rsatish va ichki turizm sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu sohada 200 mingdan ziyod aholini ish bilan ta’minlash mumkin. Shuningdek, turizmga xizmat qiluvchi umumiy ovqatlanish, transport, chakana savdo kabi yo‘ldosh tarmoqlarda yana ko‘plab ish joylari tashkil etiladi.

O‘zbekistonda turizm uch bosqichda tiklanadi

Buning uchun har bir hududda imkoniyat ham, sayohatchilar diqqatiga sazovor joylar ham yetarli ekani qayd etildi.

Misol uchun, Yangiqo‘rg‘on tumanida 16 ta dam olish maskanini tiklash hisobiga 1 ming 500 nafar aholini, Bo‘stonliqda 10 ming o‘ringa mo‘ljallangan ko‘chma dam olish maskanlari tashkil etish orqali 8 mingga yaqin kishini ish bilan ta’minlash mumkin.

Qolaversa, O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi sayyohlik imkoniyatlaridan ham to‘la foydalanilmayapti. Xalq orasida ularni bilmaydiganlar, ko‘rmaganlar hali ko‘p.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga vazirlik, idoralar va hokimliklar bilan birga yangi ichki turizm marshrutlari ochish, ko‘chma dam olish maskanlarini ko‘paytirish, tibbiyot va sog‘lomlashtirish turizmini taraqqiy ettirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Hokimlar va sektor rahbarlariga sayyohlar boradigan barcha obyektlar, mehmonxona va ovqatlanish shoxobchalarida karantin qoidalariga qat’iy amal qilinishini ta’minlash yuklatildi.