TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. Bu yilgi test sinovlarini 1-avgustdan boshlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev ma’lum qildi.
“Dastlab 5-avgustdan boshlamoqchi edik, lekin keyinchalik bor imkoniyatlarimizni ishga solib, testlarni 1-avgustdan boshlashga qaror qildik”, - dedi Musayev.
Avvalroq xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 15-iyundan “Online-maktab” kanalida abituriyentlarga yordam sifatida “Onlayn-repetitor” loyihasi ishga tushirilganini ma’lum qilgan edi. Ushbu loyiha umrida birinchi bor OTMga kirish uchun imtihonga tayyorlanayotgan bitiruvchilarga va repetitorga borish imkoni yo‘qlarga katta yordam berishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda bu yil abituriyentlardan hujjatlar 20-iyundan 20-iyulgacha qabul qilinadi. Ular hujjatlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali topshirishlari mumkin.