TOShKENT, 14-iyun — Sputnik. Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanidagi tikuv sexida yong‘in yuzaga keldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 14-iyun kuni taxminan soat 01:44 da “Xo‘jaobod Fayz-M” MChJ hududida yong‘in sodir bo‘lganligi to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgan.
Yong‘in oqibatida taxminan 1200 m2 maydonining ichki qismidagi tikuv dastgohlari va yarim tayyor mahsulotlariga zarar yetgan.
Mazkur vaziyat yuzasidan viloyat FVBning rahbariyati boshchiligida 13 ta yong‘in o‘chirish ekipaji voqea joyiga yetib borgan. Olib borilgan tezkor choralar natijasida yong‘in soat 02:15 da o‘rab olinib, 03:45 to‘liq bartaraf etildi.
Qutqaruvchilarning sa’y-harakatlari tufayli mazkur sexning yerto‘lasidagi qiymati 3 milliard so‘mlik tayyor mahsulotlar, 6 ta “Isuzi” avtobusi saqlab qolindi.
Hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.