Shavkat Mirziyoyev ETTB prezidenti bilan onlayn muzokara o‘tkazdi

YeTTBning O‘zbekistondagi faoliyati kengaymoqda: Toshkent va Andijonda vakolatxonalar ishlamoqda, kelasi sil Urganchda vakolatxona ochilishi rejalashtirilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 12-iyun - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-iyun kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti bilan videoaloqa orqali muzokara o‘tkazdi.

Kelgusi yilda O‘zbekiston YaIMi sezilarli o‘sadi - YeTTB

Suhbat davomida Suma Chakrabarti Sirdaryo viloyatidagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish hamda pandemiya keng yoyilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni yuksak baholadi.

Shavkat Mirziyoyev ham Evropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan munosabatlarida keyingi yillarda yuksak darajaga erishilgani va samarali o‘zaro hamkorlik amalga oshirilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Shuningdek, YeTTB va O‘zbekiston orasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi. Davlat korxonalarini transformatsiya qilish va banklarni xususiylashtirishdagi, energetika va neft-gaz tarmoqlarini isloh qilish, to‘qimachilik tarmog‘idagi loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Undan tashqari, faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirishga, jumladan, Toshkent shahrida bo‘lajak Xorijiy investorlar kengashining uchrashuvi va 2023-yilda Samarqand shahrida YeTTB Boshqaruvchilar kengashi majlisini o‘tkazishga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish borasida kelishib olindi.

Bugungi kunda YeTTBning O‘zbekistondagi loyihalar portfeli qariyb 1,2 milliard dollarni tashkil etmoqda. Loyihalar xususiy sektor va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, koronavirus pandemiyasi oqibatlarini kamaytirishga yo‘naltirilmoqda. Bundan tashqari, tomonlar umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan yangi loyiha takliflarini ko‘rib chiqilmoqda.

YeTTB Toshkentdagi vakolatxonasini kengaytirdi, Andijon shahrida ofisini ochdi. Kelgusi yilda Urganch shahridagi ofis o‘z ishini boshlashi kutilmoqda.