Samarqandda "innovatsion" firibgarlik sodir etildi

Firibgarlar taksi orqali berib yuborilgan omonatni zamonaviy texnologiyalar yordamida yo‘lda o‘marib ketishdi.
Sputnik

TOShKENT, 12-iyun - Sputnik. Samarqandda antiqa firibgarlik sodir etildi, firibgarlar birovga yuborilgan pulni zamonaviy texnologiyalar yordamida yo‘lda o‘mardi, deb xabar qilmoqda Zarafshon nashri. 

Sattor Olimov - jabrlanuvchi (ismi o‘zgartirilgan) Toshkent shahrida yashovchi tanishi Abbosga 5 000 dollar qarzini berib yubormoqchi bo‘lgan. Yaxshigina sarmoyani ishonchli qo‘llarga topshirish uchun o‘rtog‘ining yo‘lovchilarni mashinaga o‘tqazuvchi - pasadchiklik qiladigan o‘g‘li Jonibekka qo‘ng‘iroq qiladi.

Rulda uxlab qoldi: “Qamchiq” dovonida jiddiy YTH sodir bo‘ldi

Muddaoni bilgan Jonibek u duch kelgan taksi haydovchisi ishonchli emasligini aytib, uni boshqa taksi egasiga ro‘baru qiladi. “Neksiya” rusumli mashina haydovchisiga ishonmay “Lasetti”ning egasiga pulni topshirgan Sattor aka oradan ko‘p o‘tmay “chuv” tushganini bilib oladi. Negaki, bir soatlardan so‘ng haydovchi unga qo‘ng‘iroq qilib, pulni Jomboyda o‘g‘liga topshirganini bildiradi.

- Nega, axir Toshkentga, Abbosga yetkazing degandimku?!

- O‘zingiz telefon qilib, Jomboyda “melkombinat”ning oldida o‘g‘lim turibdi, pulni shunga ber, pochta “otmen” dedingizku.

Tezda yetib kelgan Sattor aka aslida nima bo‘lganligini tushunolmay hayron edi. Chindan ham “Lasetti” egasiga o‘zining raqamidan 5-6 marta qo‘ng‘iroq qilingan va gaplashilgan.

Sergelida mast haydovchi piyodani urib yuborib, ikkita avtomobil bilan to‘qnashdi

Bu qanday bo‘lganligi va pul qayerga yo‘qolganligini ichki ishlar idorasi xodimlari aniqlashdi. Hamma gap "posadchik"da edi. Sattor akaning Toshkentga 5 ming dollar yuborayotganini bilgan Jonibek bu haqda o‘zining Davron va Anvar ismli tanishlariga xabar beradi.

Ular o‘zaro kelishib, maxsus telefon dasturi orqali go‘yoki Sattor akaning raqamidan haydovchiga qo‘ng‘iroq qilib, pochta bekor bo‘lganligini va pullarni Jomboy tumanida kutib turgan o‘g‘liga berib qo‘yishini bildiradi. Shunday qilib haydovchi omonatni "o‘g‘il" rolini qoyillatib uddalagan firibgar Anvarga topshiradi.

Huquqni saqlash organlari jinoyatni aniqlab, firibgarlarni topguncha ular pullarni xarajat qilib bo‘lishadi, lekin tergov boshlanganidan so‘ng barchasini qaytarib berishadi. Sud tomonidan ularning barchasiga munosib jazo tayinlandi.