TOShKENT, 10-iyun - Sputnik. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan "Rutan" dori vositasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga topshirildi. Bu haqida Farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi xabar qilmoqda.
"9 iyun kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi “China–Uzbekistan Medicine Technical Park” texnoparkida ishlab chiqilgan 19 500 dona «Rutan” dori vositasini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga beg‘araz taqdim etdi", - deyilgan xabarda.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti tomonidan tomonidan yaratilgan grippga qarshi original "Rutan" dori vositasi Xitoy olimlari tomonidan o‘tkazilgan sinovlar natijasida SARS CoV-2 tipidagi gripp virusini 78,3 foizga ta’sirini susaytirish xususiyatini namoyon qilgan.
Shuningdek, 11 mingta o‘ram "Rutan" dori vositasi koronavirusga qarshi gumanitar yordam sifatida Eronga yuborilib, laboratoriya sinovlaridan ijobiy o‘tgan.
Bioorganik kimyo instituti ma’lumotiga ko‘ra, "Rutan" dori vositasini O‘zbekiston-Xitoy tibbiy texnoparkida 2018-yil oxirida ishlab chiqarish boshlangan. Ushbu dori gripp virusining A-N3N2, H1N1, V (01), V 03) shtammlariga qarshi samarador vosita hisoblanadi. Ushbu dori inson organizmida alfa, beta va gamma interferonlar ishlab chiqarishni oshiradi va organizmda virus ko‘payishiga to‘sqinlik qiladi. Dori vositasi 6 yoshdan katta bolalar va kattalar uchun qo‘llanilishi mumkin.
Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan O‘zbek-Xitoy ilmiy-texnologik parkiga 20 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilgan bo‘lib, 300 ta ish o‘rni tashkil etilgan. Ushbu markazda sharq tabobatining asrlar davomida sinovdan o‘tgan davolash uslublari, ham g‘arb tibbiyotining ilg‘or natijalaridan foydalaniladi.
Bugungi kunda texnoparkda 8 xil ko‘rinishdagi (tabletkalar, kapsulalar, suyuq ko‘rinishdagi va boshqa) dori vositalar ishlab chiqarilmoqda. Zavod yuqori xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi va GMP (Good Manufacturing Practic) talablariga mos.