O‘zbekiston va Singapur erkin savdo to‘g‘risida bitim tuzishni rejalashtirmoqda

Ikki mamlakat o‘rtasida yo‘lovchi va yuk qatnovlarini jadallashtirish, shuningdek, yuk tashish oqimlarini boshqarish va aviakompaniyalar faoliyatini takomillashtirish imkoniyati ham ko‘rib chiqildi.
Sputnik

TOShKENT, 9-iyun — Sputnik. O‘zbekiston va Singapur erkin savdo to‘g‘risida bitim tuzishni rejalashtirmoqda. Ushbu masalani bosh vazirning o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Singapur bosh vazirining o‘rinbosari - moliya vaziri Xenk Svi Kit va respublikaning savdo va sanoat katta davlat vaziri Ko Po Kun bilan muhokama qildi.

Uchrashuv videokonserensiya tarzida bo‘lib o‘tdi. Tomonlar koronavirus pandemiyasining ikki mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini kamaytirish, shuningdek, siyosiy, savdo – iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va madaniy - gumanitar hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari va mexanizmlarini muhokama qildi.

Singapur kompaniyasi Toshkentda musordan o‘g‘it ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin

Muzokaralar doirasida ishtirokchilar Singapur investitsiyalari ishtirokida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar holati, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ta’lim va sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va transport infratuzilmasi sohasidagi sheriklikni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi. Mavjud loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish va O‘zbekistonda biznes yuritish uchun Singapurning yangi kompaniyalarini jalb etish bo‘yicha aniq tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish maqsadida hamkorlikning strategik yo‘nalishlarini rivojlantirish va ikkala mamlakat ishbilarmon doiralarini o‘zaro manfaatli hamkorlikka va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirish uchun platforma – O‘zbekiston - Singapur biznes Kengashini tuzish g‘oyasi muhokama qilindi.

“Ikki mamlakatning manfaatdor kompaniyalarini savdo shartnomalarini ishlab chiqishga jalb etish orqali Singapurga o‘zbek meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish mexanizmlari atroflicha muhokama etildi. Savdo aylanmasini oshirish bo‘yicha salmoqli salohiyatni hisobga olgan holda, O‘zbekiston va Singapur o‘rtasida erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni tuzish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ishlarni faollashtirish taklif etildi”, - deyiladi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabarida.

Ikki mamlakat o‘rtasida yo‘lovchi va yuk qatnovlarini jadallashtirish, shuningdek, yuk tashish oqimlarini boshqarish va aviakompaniyalar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetakchi Singapur transport kompaniyalari tajribasini o‘rganish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Tomonlar “Singapur hamkorlik dasturi” doirasida O‘zbekiston vazirliklari va idoralari rahbariyati uchun malaka oshirish o‘quv kurslarini tashkil etish, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish bo‘yicha strategik maslahatchilar sifatida singapurlik ekspertlarni jalb qilish, shuningdek, Namangan viloyatida Ijtimoiy fanlar bo‘yicha Singapur universiteti filialini ochish kabi ta’lim salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan institutsional hamkorlik istiqbollarini alohida muhokama qilishdi.