TOShKENT, 9-iyun - Sputnik. KXDRning Janubiy Koreya hukumati bilan muhokama qiladigan boshqa narsasi yo‘q, Pxenyan Seul bilan barcha aloqadlarni “o‘chirib qo‘yadi”. Bu haqda Shimoliy Koreya markaziy telegraf agentligi xabar qilmoqda.
Xabarda aytilishicha, Janubiy Koreya hukumati “koreyslararo munosabatlarni yakuniy nuqtasiga yetkazib qo‘ydi”.
“Shunday hulosaga keldikki, vaqt o‘tgani sari bizda faqatgina umidsizlikni keltirib chiqargan Janubiy Koreya hukumati bilan muhokama qiladigan boshqa hech narsamiz yo‘q", - deyiladi agentlik xabarida. Undan RIA Novosti iqtibos keltirgan.
Ta’kidlanishicha, 8-iyun kuni Janubiy Koreya ishlari bo‘yicha bo‘limlarning faoliyatini ko‘rib chiqish yig‘ilishida Koreya mehnat partiyasi (KMP) Markaziy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Kim Yon Chxor va KMP Markaziy qo‘mitasi bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Kim Yo Chen "Janubiy Koreyaga doir ishlarni dushmanlar bilan bo‘lgan ishlarga izchil qaratilishi" zarurligini ta’kidladilar.
“Sotqinlar va razillar bilan ularning jinoyati uchun hisob-kitobni to‘g‘ri amalga oshirish bo‘yicha bosqichma-bosqich rejalarni o‘rganib chiqib, ular birinchi navbatda Shimol va Janub o‘rtasidagi barcha axborot liniyalarini butunlay o‘chirishga ko‘rsatma berdilar", - deyiladi xabarda.
Ushbu bayonotga ko‘ra, 9-iyun kuni soat 12: 00 dan boshlab KXDR Janubiy Koreya bilan aloqalarga “barham beradi”.
"Joriy choralar Janubiy Koreyaning elementlari bilan aloqa qilish uchun barcha yo‘nalishlarni to‘liq blokirovka qilish va keraksizlarini yo‘q qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan keyin birinchi bosqich qadamidir", - deyiladi xabarda.
Koreya Respublikasi Mudofaa vazirligi vakilining Ronxap agentligiga ma’lum qilishicha, ertalabdan Shimoliy Koreya harbiylari qo‘ng‘iroqlarga javob berishni to‘xtatib qo‘ygan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun Janubiy Koreya harbiylari chegaraning g‘arbiy va sharqiy qismidagi harbiy aloqa liniyalari orqali qo‘ng‘iroq qilishga urinishgan, ammo ularga hech kim javob bermagan. Xalqaro tijorat kemalarining xalqaro aloqa tarmog‘i orqali harbiy dengiz floti bilan aloqa qilish urinishlari ham javobsiz qolgan.