TOShKENT, 7-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda pandemiyadan oldin ishsizlar soni o‘rtacha 1,35 millionga yaqin edi. Pandemiya davrida ishsizlar soni qariyb 2 millionga yaqinlashdi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda 550 mingga yaqin mehnat migrantlari boshqa davlatlarga ishlash uchun chiqib keta olmagan. Bu haqda bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov Xalqaro press-klubning Farg‘ona viloyatiga bag‘ishlangan sonida ma’lum qildi.
“Barcha davlatlarga pandemiya o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. O‘zbekistonda ham pandemiyadan oldin ishsizlar soni o‘rtacha 1 million 350 mingga yaqin edi, pandemiya boshlangach qator korxonalar faoliyati to‘xtatildi va ishsizlar soni qariyb 2 millionga yaqinlashdi”, - dedi vazir.
Ta’kidlanishicha, bu raqamlardan tashqari mehnat migrantlariga oid statistikalar ham mavjud. Hozirda O‘zbekistonda 550 mingga yaqin fuqaro boshqa davlatlarga ishlash uchun chiqib keta olmagan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, oldinda turgan vazifalardan biri shunday fuqarolarning bandligini ta’minlashdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil etgani xabar qilingan edi. Eng yuqori ishsizlik darajasi 9,8 foiz bilan Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida qayd etilgan.