Xitoy O‘zbekiston orqali Yevropaga chiqadigan yangi transport koridorini ishga tushirdi

"Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston" yo‘nalishida tranzit tashuvlari muvafaqqiyatli amalga oshirilmoqda, deb xabar qilmoqda Trasport vazirligi.
Sputnik

TOShKENT, 6-iyun - Sputnik. Xitoy O‘zbekiston orqali o‘tadigan yangi transport yo‘lagini tashkil qildi. U XXRdan Yevropaga chiquvchi xalqaro yo‘lakning birinchi qismiga aylanadi. 

O‘zbekiston va Qozog‘iston temir yo‘l transportida yuk tashish tariflarini 50 foizga pasaytiradi

 

Kecha, 5-iyun kuni Xitoyning Lanchjou shahridan 25 ta 40 futli konteynerlarda eksport yuki ortilgan poyezd "Lanchjou – Qashg‘ar – Irkeshtom – O‘sh – Andijon –  Toshkent – Mari" yo‘nalishida multimodal tranzit tashuvni amalga oshirish uchun yo‘lga chiqdi.

"Mazkur yo‘nalish bo‘ylab multimodal yuk tashuvlarini yo‘lga qo‘yish "O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy" avtomobil koridori imkoniyatlaridan samarali foydalanishni tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlarning natijasidir", - deyiladi Transport vazirligi xabarida. 

Eslatib o‘tamiz, "Lanchjou – Qashg‘ar – Irkeshtom – O‘sh – Andijon –  Toshkent – Mari" yo‘nalishi bo‘ylab ilk multimodal tranzit yuk tashuvi joriy yilning may oyida amalga oshirilgan.

Yo‘nalish bo‘ylab yuk tashuvi "temir yo‘l transporti – avtomobil transporti – temir yo‘l transporti" sxemasida tashkil etilgan edi. Ilk jarayonning o‘ziyoq "O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy" avtomobil koridori imkoniyatlari nihoyatda katta ekanligini namoyish etdi. Boshqa davlatlar yuklarini jalb qilgan holda bu kabi multimodal tashuvlarni tashkil etish bir nechta davlatlarning xalqaro transport va savdo tizimlariga muvaffaqiyatli integratsiyasiga xizmat qiladi.