TOShKENT, 5-iyun - Sputnik. O‘zbekistonda koronavirus kasalligi bo‘yicha barqarorlikka erishilsa, karantin choralari bekor qilinishi mumkin.
Bu haqda bugun AOKA huzuridagi shtabda Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov ishtirokida brifingda aytib o‘tildi.
"15 iyundan karantin tadbirlari to‘liq tugaydimi?", degan savolga javob berar ekan, Qurbonov karantin tadbirlari tugatilishi yoki bir muddat cho‘zilishi — koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemik vaziyatni e’tiborga olgan holda belgilanishini ta’kidladi.
"Agarda kasallik bo‘yicha barqarorlikka erishilsa, karantin tadbirlari bekor qilinadi, kasallik o‘sish sur’ati jadallashsa, karantin tadbirlari ham kuchaytiriladi", - dedi u.
Shuningdek, brifingda ma’lum iilinishicha, Transport vazirligi bilan hamkorlikda xorijiy davlatlardagi epidemiologik vaziyat hisobga olinib "yashil", "sariq" va "qizil" toifalarga ajratish hamda bosqichma-bosqich aviaqatnovlarni tiklash o‘rganib chiqilib, takliflar tayyorlanmoqda.
Bu borada Respublika maxsus komissiyasi yakuniy xulosasi to‘g‘risida axborot beriladi.