Toshkentdagi barcha ta’mirtalab ko‘chalar yangi texnologiyalar asosida asfalt qilinadi

2020 yil 1-iyun holatiga umumiy hisobda ko‘chalarning 60 tasi ta’mirlangan va ularga 176 ming kv metr asfalt yotqizilgan. Yana 52 ta markaziy va 81 ta ichki ko‘chalarining holati yaxshilanishi ko‘zda tutilgan.
Sputnik

TOShKENT, 4-iyun - Sputnik. Toshkent shahrida ta’mirtalab deb topilgan 200ga yaqin ko‘chalar yangi texnologiyalar asosida asfalt qilinadi. Bu haqda bugun, payshanba kuni, Zoom dasturi orqali yo‘llarni ta’mirlash mavzusida bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Toshkentdagi bir qator ko‘chalar nomlari o‘zgarishi mumkin

Brifingda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Furqat Mahmudxo‘jayev 2020-yilda Toshkentga ta’mir rejasiga kiritilgan yo‘llar va hozirda bu borada olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berib o‘tdi.

Mahmudxo‘jayevning ta’kidlashicha, O‘zbekiston poytaxtidagi katta ko‘chalarni asfaltlash ishlari boshlab yuborilganiga 40 kundan oshgan. Ammo karantin va havoning sovuq kelishi tufayli belgilangan ishlar biroz kechikkan.

2020 yil 1-iyun holatiga umumiy hisobda ko‘chalarning 60 tasi ta’mirlangan va ularga 176 ming kv metr asfalt yotqizilgan. Yana 52 ta markaziy va 81 ta ichki ko‘chalarining holati yaxshilanishi ko‘zda tutilgan.

Bu ishlar jarayonida poytaxtning 500 ming kv metrdan ortiq maydoni asfalt qilinishi rejalashtirilgan.

Amalga oshirilishi belgilangan eng yirik ko‘chalar: Nurafshon va Sebzor kesishmalaridan boshlab Axmad Donish va Yangi shahar ko‘chalarining kesishmalarigacha (4,5 km, 98 mlrd so‘m) hamda Farg‘ona yo‘li ko‘chalarining (7.6 km 97 mlrd so‘m) yo‘l qoplamisini mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi yuzasidan loyihalashtirish va paralel ravishda ta’mirlash ishlari ham boshlangan.