TOShKENT, 4-iyun - Sputnik. Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini iqtisodiy ijtimoiy rivojlantirish uchun 1 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar qilmoqda So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati.
"Tumandagi barcha muammolarni bartaraf etish uchun Prezident qarorining loyihasi tayyorlanmoqda va mazkur qaror loyihasi bo‘yicha tumanning iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan rivojlantirish uchun 1 trln. so‘mga aqin mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan", - deyilgan xabarda.
Ma’lumki, kecha 3-iyun kuni So‘x tuman hokimligida bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan edi. Unda tumanni har tomonlama rivojlantirish, sarmoyalar olib kelish, yangi biznes loyihalarini rivojlantirish, yo‘l va suv ta’minoti masalalari muhokama qilindi.
Muhokama qilingan loyihalar orasida quyidagilar alohija e’tiborga molik:
- tumanda 4,5 ming yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida 101 mlrd so‘mlik sarmoyalar va 153 mlrd so‘m bank kreditlari yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.
- so‘xlik tadbirkorning sement zavodi qurish bo‘yicha tayyorlagan loyihasi qo‘llab quvvatlanib, tegishli vazirliklarga topshiriqlar berildi.
- oltita mahallalarda kichik sanoat hududlari tashkil etilishi belgilab olindi.
- betakror tabiatga ega bo‘lgan So‘x tumani hududida 3 ta dam olish maskani yaratilishi ham rejalashtirilmoqda.
Undan tashqari, So‘xning katta muammolaridan biri bo‘lgan - ichimlik va sug‘orish suvi muammosini ham hal qilishning yangi uslublari taklif qilindi. Suv xo‘jaligi vazirining ma’lumotlariga ko‘ra, tumanda suv zaxirasi yetarli, ammo asosiy muammo uning yetkazib berilishida. Tez fursatlarda bu masala ham o‘z yechimini topadi. Simodon, Kasminon, Hushor, Malbud va Vargan hududlarida ikki oy davomida tik quduqlar o‘rnatilib, bo‘sh turgan yerlar o‘zlashtiriladi.
Shuningdek, so‘xlik oshlarga O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish uchun 500ta o‘ringa kvota ajratiladigan bo‘ldi, hamda ularga o‘z ona tillari tojik tilida imtihon topshirishlarini ma’lum qilindi.
Shu bilan birga, tumandagi eski aerodrom qayta ta’mirlanib, viloyat markaziga havo yo‘llari orqali borib kelishni yo‘lga qo‘yish masalasi ham o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 31-may kuni So‘x tumani aholisi va Qirg‘iziston fuqarolari orasida mojaro kelib chiqqan edi. Shundan so‘ng bosh vazir Abdulla Aripov voqea joyiga yetib borib mahalliy aholi vakillari bilan uchrashgan, ularning muammolarini hal qilib berishni va’da bergan edi.