TOShKENT, 4-iyun — Sputnik. Namangan viloyatida uchta yuk mashinasi ishtirokida yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hodisa 4-iyun kuni Pop tumani “Ko‘shminor” MFY hududidan o‘tuvchi “Toshkent-Osh” avtomobil yo‘lining 227 kilometrida sodir bo‘lgan. 63 yoshli “Sams” haydovchisi yo‘lning chetida to‘xtab turgan 26 yoshli A.G‘.ning boshqaruvida bo‘lgan “Isuzu” yuk avtomashinaga va 26 yoshli N.R.ning boshqaruvida bo‘lgan ikkinchi “Isuzu” yuk avtomashinaning orqa qismiga urilib ag‘darilgan.
Bunga tormoz tizimi ishlamay qolishi sabab bo‘lgan. Ag‘darilgan “Sams” yuk avtoavtomashinaning kabina qismida yong‘in yuzaga kelgan.
Natijada “Sams” yuk mashina haydovchisi A.R. va “Isuzu” yuk avtomashinadan birining haydovchisi A.G‘.lar hodisa joyida vafot etganlar, ikkinchi “Isuzu” haydovchisi N.R. shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.