Masjidlar ochilishi sanasiga aniqlik kiritildi

Maxsus komissiya qarori bilan 5-iyundan boshlab “yashil” hududlarda diniy tashkilotlar faoliyatiga ruxsat berilishi ma’lum qilingan edi. Biroq ularning ochilish sanasi borasida qo‘shimcha izoh berildi.
Sputnik

TOShKENT, 4-iyun — Sputnik. Diniy muassasalar, masjidlar 2020-yil 8-iyundan boshlab faqat “yashil” hududlarda faoliyatini boshlaydi. Bu borada Respublika maxsus komissiyasining izohi e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, xavfsizlikni ta’minlash uchun ushbu maskanlarda 5-8 iyun kunlari sanitar choralar ko‘riladi.

Masjidlarda sanitariya-epidemiologiya meyorlariga qat’iy rioya qilgan holda (himoya niqoblarini majburiy kiyish sharti bilan), ijtimoiy masofa saqlagan (tashrif buyuruvchilar orasidagi masofa kamida 1, 5-2 metr) holda namoz o‘qish mumkin bo‘ladi.

Yengillashtirilgan karantin: qaysi talablar saqlanib qolinmoqda?

Biroq, fuqarolarning kasallikni noma’lum manbalardan yuqtirishi va aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida hozircha ommaviy diniy tadbirlar (juma namozi, yakshanba ibodatlari va boshqalar) tashkil etish taqiqlanadi.

Avvalroq 5-iyundan boshlab “yashil” hududlarda diniy tashkilotlar faoliyatiga ruxsat berilishi ma’lum qilingan edi.