TOShKENT, 3-iyun — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikada koronavirus bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 46 kishida koronavirus aniqlandi, oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 3 815 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanish holatlarining 45 nafari - Karantin markazidagi fuqarolar orasida, 1 nafari - Andijon viloyatida xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisida aniqlangan.
Davolanish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 106 nafar bemor tuzalib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Jami sog‘ayganlar soni 3014 nafar.
Ayni paytda 786 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
Navoiyda maxsus guruh ishi
Sog‘liqni saqlash vazirligi Navoiyda yana 42 nafar bemor sog‘aygani to‘g‘risida ma’lumot berdi. Ushbu viloyatda so‘nggi ikki kunda jami 84 bemor sog‘ayib chiqqan.
Tuzalganlarning barchasi ushbu viloyatdan (32 nafari Zarafshon shahridan, 4 nafari Xatirchi tumanidan, 3 nafari Tomdi tumanidan, 2 nafari Konimex tumanidan, 1 nafari esa Navoiy shahridan) bo‘lib, 26 nafari erkak, 16 nafari ayol. Ularning yoshi kattasi 71 yoshli onaxon, yoshi kichigi 2018-yil tug‘ilgan.
Yana bir virusdan xoli hudud
Namangan — koronavirusdan xoli hudud bo‘lishga yaqin. Bugun Namanganda 4 nafar bemor sog‘aydi. Namangan viloyatida kasallikka chalingan jami 260 nafar bo‘lib, endilikda shundan 251 nafari tuzaldi.
Pandemiya vaqtida tezligi oshgan internet
O‘zbekistonda internet tezligi 6 foizga, mobil internet tezligi 18 foizga ko‘tarildi. Ookla kompaniyasining Speedtest.net servisi koronavirus internet global sur’atiga ta’sir qilganini e’lon qildi: O‘zbekistonda internet tezligi 6 foizga (Fixed Speed Change), mobil internet tezligi esa 18 foizga (Mobile Speed Change) ko‘tarildi.
2020 yil aprel holatiga internet tezligi bo‘yicha reytingida O‘zbekiston 94-pog‘onani egalladi. Ya’ni, bir yil davomida 37 pog‘onaga ko‘tarilib 131-o‘rindan 94-pog‘onadan joy oldi. O‘zbekistonda oxirgi yil natijalariga ko‘ra internet tezligi qariyb 2,3 barobarga o‘sdi.
Dunyo salomatligi
COVID-19 dunyoning deyarli barcha davlatiga yetib bordi. BSSTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda yangi koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan kishilarning soni 6,4 milliondan oshdi, 381 ming kishi vafot etdi.