TOShKENT, 30-may - Sputnik. O‘zbekistonda amaldagi karantin talablari 2020-yil 15-iyunga qadar uzaytirildi. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasi axboroti e’lon qilindi.
Shu bilan birga 2020-yil 1-iyundan boshlab quyidagi faoliyat turlariga ham ruxsat berilmoqda:
"qizil" hududlarda: rieltorlik faoliyati; reklama va marketing faoliyati;
"sariq" hududlarda "qizil" hududlarga qo‘shimcha ravishda:
➖ avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar faoliyati (bunda, nazariy mashg‘ulotlar masofadan turib (onlayn) o‘qitish orqali amalga oshirilishi, amaliy mashg‘ulotlar esa sanitariya talablariga qat’iy rioya qilgan, shu jumladan, tibbiy niqob, tibbiy qo‘lqopdan foydalangan hamda avtotransport vositalarini dezinfeksiya qilgan holda tashkil qilinishi lozim);
➖ davlat tashkilotlarida autsorsing asosida ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyati;
"yashil" hududlarda "sariq" hududlarga qo‘shimcha ravishda:
➖ sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, boshqa dam olish maskanlari va joylashtirish vositalari faoliyati (xostellar bundan mustasno);
➖ sport seksiyalari, to‘garaklari, sport zallari va fitnes klublar faoliyati;
➖ oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish.
Bunda oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni fuqarolarning uy-joyi va hovlisining o‘zida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan (faqat yaqin qarindoshlar va ushbu tuman hududida istiqomat qiluvchi boshqa qarindoshlar) hamda sanitariya va gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat beriladi.
O‘z navbatida karantin davrida oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishning belgilangan talablarini buzgan shaxslar epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Barcha hududlarda ularning toifasidan qat’i nazar quyidagi karantin talablari saqlab qolinishi belgilandi:
☑️jamoat joylarida ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlash;
☑️uch kishidan ortiq yig‘ilmaslik, fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalaridan foydalanishi;
☑️ta’lim tashkilotlari (bog‘cha, maktab, litsey, kollej, texnikum, institut, universitet va boshqalar), o‘quv kurslari faoliyatini yo‘lga qo‘ymaslik;
☑️ko‘ngilochar obyektlar – tungi klublar, diskoteka, restoran, kafe, oshxona, choyxona, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter o‘yinlari markazlari faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik;
☑️konsert, teatr, kinoteatr va sport tadbirlarini (professional futbol klublari o‘quv mashg‘ulotlari va O‘zbekiston professional futbol ligasi chempionatlari bundan mustasno) o‘tkazmaslik;
☑️jamoat transporti harakatiga ruxsat bermaslik;
☑️buyum bozorlari faoliyatiga ruxsat bermaslik;
☑️dehqon, qurilish bozorlari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat savdo nuqtalari (supermarket va boshqa yirik do‘konlar) kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash hamda har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37 °S va undan yuqori bo‘lgan holatda, ushbu majmualarga kiritmaslik choralarini ko‘rish;
☑️barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shak”lar bilan ta’minlash hamda xodimlar tomonidan ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlagan holda faoliyat yuritishini ta’minlash;
☑️qurilish-ta’mirlash ishlarida obyektlarning hududi to‘liq karantinga olinishi va hududiy sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari bilan birgalikda obyektlarda sanitariya-gigiyena tadbirlarining amalga oshirilib borilishi. Bunda, ushbu tashkilotlarning faoliyat olib borish davrida sanitariya va gigiyena qoidalariga to‘liq rioya qilish, o‘z faoliyatini faqatgina tegishli obyekt hududi doirasida tashkil etish.