TOShKENT, 30-may - Sputnik. "Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" prezident qarori qabul qilindi va hujjatda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari belgilab berildi.
Vakil BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini bajarish strategiyasini va bola huquqlari masalalari bo‘yicha boshqa hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi. O‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda bajaradi.
Vakil daxlsizlik huquqidan foydalanadi va u Oliy Majlis palatalarining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas.
Vakilga nisbatan jinoyat ishi faqat Bosh prokuror tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.
❎ Vakilni majburiy keltirishga, ushlab turishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Vakilning faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Vakil har yili 15-fevraldan kechiktirmay Oliy Majlis palatalariga bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya qilinishi holati haqida ma’ruza taqdim etadi.
Vakil Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘zining jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi mintaqaviy vakillariga ega bo‘ladi.
Bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha qonun hujjatlari loyihalari majburiy tartibda Vakil bilan kelishiladi.
Qaror bilan Vakil huzurida Bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha jamoatchilik kengashi tashkil etildi hamda uning asosiy vazifalari belgilandi.