Rossiyada o‘zbekistonlik talabalar COVID-19 holatini yashirganlik uchun haydalishi mumkin

Peterburgda bir necha o‘zbekistonlik talaba va aspirantlar COVID-19 yuqtirib olganlik holatini yashirganlik uchun talabalar safidan chiqarilishi mumkin.
Sputnik

TOShKENT, 27-may — Sputnik. Peterburg davlat temir yo‘l universiteti (Peterburgskiy gosudarstvenniy universitet putey soobsheniya – PGUPS) o‘zbekistonlik bir necha talaba va aspirantlarni o‘zini o‘zi yakkalash rejimini buzganlik va COVID-19 yuqtirib olganlik holatini yashirganlik uchun talabalar safidan chiqarishi mumkin. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Mordoviyada chet ellik talabalarda koronavirus aniqlandi

Xabarda yozilishicha, 7a yotoqxonasida istiqomat qiluvchi bir necha o‘zbekistonlik talaba va aspirantlar belgilangan talab va tavsiyalarga rioya qilmasliklari natijasida koronavirus yuqtirib olishgan. Ular koronavirusga mustaqil ravishda test topshirishgan. Keyin musbat chiqqan natija haqida ta’lim muassasa va yotoqxona mas’ullariga xabar qilishmagan. Buning oqibatida ular kechikish bilan yotoqxonadagi boshqalardan yakkalangan.

Universitet tezkor shtabi ushbu vaziyatni yig‘ilishda ko‘rib chiqqan va rektor nomiga ushbu o‘zbekistonlik talabalarga “talabalar safidan chiqarishgacha” bo‘lgan intizomiy chora ko‘rishni so‘rab iltimosnoma kiritishgan.

Universitet ma’muriyati yotoqxonada istiqomat qilayotgan talabalarga sanitar talablarga va yotoqxonada yashash qoidalariga so‘zsiz rioya qilish lozimligini eslatib o‘tgan.