O‘zbekistonning barcha hududida Yoshlar texnoparklari tashkil etiladi

Hududlarda yoshlarning intellektual, ilmiy, ijodiy salohiyatini oshirish texnoparklar faoliyatining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Sputnik

TOShKENT, 25-may — Sputnik. O‘zbekistonning har bir hududida Yoshlar texnoparklari tashkil etiladi. Tegishli Hukumat qarori 22-may kuni qabul qilindi.

Qarorga muvofiq,  respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich Yoshlar texnoparklari tashkil etiladi.

Hududlarda yoshlarning intellektual, ilmiy, ijodiy salohiyatini oshirish texnoparklar faoliyatining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

O‘zbekistonning barcha hududlarida IT parklar quriladi

Texnoparklar Innovatsion rivojlanish vazirligi muassisligidagi hamda mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi.

Texnoparklar faoliyati vazirlik huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Texnoparklar bino va inshootlarini qurish, qayta ta’mirlash va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash xarajatlari Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.

Qaror bilan 2020-2023 yillarda respublika hududlarida Yoshlar texnoparklarini bosqichma-bosqich tashkil etish reja-jadvali tasdiqlandi.