TOShKENT, 22-may - Sputnik. O‘zbekiston Musulmonlar idorasi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tufayli hayit namozini jamoat joylarda o‘qishni bekor qildi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining 2020-yil Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi bayonotida ta’kidlangan.
Xabarda ta’kidlanishicha, koronavirus pandemiyasi tufayli insoniyat murakkab davrni boshidan kechirmoqda. O‘zbekistonda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda: kasallik keng tarqalishining oldini olish maqsadida karantin va bir qator cheklovlar joriy etilgan.
Ammo qat’iy karantin choralarini qo‘llash bilan mamlakatda kasallikning qayd etilgan holatlariga nisbatan ham, kunlik yangi holatlar ham past darajada saqlanib turibdi.
"...2020 yilgi Ramazon hayiti (Iydul fitr) namozini pandemiya davrida jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi, mo‘min-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi. <...> Ramazon hayiti kunlari epidemik holat mavjudligi va odamlarning hayotiga xavf saqlanib qolishi sababli juma va boshqa namozlar kabi Iyd namozini ham jamoat bo‘lib o‘qishning iloji bo‘lmaydi", - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, sal oldin 2020-yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 24-may – yakshanba kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan 24-may Ramazon hayiti bayrami sifatida nishonlanishi haqida xabar bergan edik.