TOShKENT, 21-may – Sputnik. Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova lavozimga tayinlanganidan so‘ng qisqa vaqt ichida qanday ishlarni amalga oshirgani va o‘zi uchun qanday ustuvor yo‘nalishlarni belgilagani xususida so‘zlab berdi.
Aliya Yunusova 26-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari - Bola huquqlari bo‘yicha vakil etib saylandi.
“Bolalar ombudsmani instituti juda muhim mexanizmdir. Bu kabi huquq himoyachilari bugungi kunda Rossiya, Norvegiya, Avstriya va Yevropaning boshqa mamlakatlarida ishlab kelmoqdalar. Biz “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida” qonunni qabul qilayotganimizda, kelajakda ushbu masalalar bilan shug‘ullanadigan alohida davlat organini tashkil etish ko‘zda tutilgan edi. Xususan, 1992-yilda mustaqillik e’lon qilingandan so‘ng bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan birinchi xalqaro hujjatlardan biri bo‘ldi. Hozirda respublika bolalar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishi bo‘yicha o‘zining beshinchi hisobotini taqdim etdi”, - deydi Yunusova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2008-yilda respublikaning voyaga yetmagan fuqarolarining manfaatlarini himoya qiluvchi qonun qabul qilindi. Xalqaro konvensiya tamoyillarini ilgari surib, O‘zbekiston jahon standartlarini milliy qonunchilikda joriy etmoqda. Xususan, gap bolaning mavqeyi, yoshini belgilash, uning huquqlari va majburiyatlari, shuningdek qonuniy manfaatlar kabi koidalar haqida yuritiladi.
Ombudsmanning qo‘shimcha qilishicha, respublika, shuningdek, ikkita fakultativ protokolni ratifikatsiya qildi – birinchisi, bolalar savdosiga qarshi kurashga taalluqli, ikkinchisi esa bolalarni qurolli mojarolarga jalb qilishdan himoya qilish. Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining bolalar mehnatining eng hunuk shakllarini taqiqlash va tezkor choralar ko‘rish to‘g‘risidagi 182-sonli va ishga qabul qilishda minimal yosh to‘g‘risidagi 138-sonli konvensiyalari ham ratifikatsiya qilindi.
Garchi 2019-yil 22-aprelda prezidentning bolalar ombudsmeni lavozimini ta’sis etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan bo‘lsa-da, bolalar huquqlari bo‘yicha vakili to‘g‘risidagi qonun hali qabul qilinmadi.
"Bu masala hozir ko‘rib chiqilmoqda", - dedi Yunusova va birinchi navbatda bunday huquq himoyachilarining vakolatlarini qonuniy jihatdan mustahkamlashni izlash kerakligini ta’kidladi.
Ombudsmen faoliyatining boshlanishi koronavirus epidemiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan juda jiddiy karantin davriga to‘g‘ri keldi.
“COVID-19 bilan bog‘liq vaziyatga qaramay biz qo‘lni qovushtirib o‘tirmadik. Uch oy davomida biz ishlashimiz kerak bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlarni ishlab chiqdik - bu ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar, nogironlar, biror sabablarga ko‘ra hayotning qiyin holatlarida yoki qonun bilan bog‘liq muammolarda qolgan yetim bolalar”, - deya tushuntirdi Yunusova.
Xususan, huquq himoyachilari bolalar koloniyasiga, ayollar penitensiar muassasasiga, shuningdek, jazo muddatini o‘tayotgan ayollarning bolalari saqlanadigan maxsus markazlarga borishga muvaffaq bo‘lishdi.
Bundan tashqari, mutaxassislar Sardoba suv omborida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatdan keyin bir necha o‘n minglab aholi toshqin tufayli uylarini zudlik bilan tark etishga majbur bo‘lgan Yangiyer va Guliston shaharlariga tashrif buyurishdi.
Ombudsman bolalar va ularning ota-onalari bilan uchrashdi, ularni joylashtirish, ovqatlanish va zarur dori-darmonlar bilan ta’minlash sharoitlarini o‘rganib chiqdi.
“Men shaxsan evakuatsiya qilingan bolali oilalarning ahvoli yaxshi ekanligiga va bu vaziyatda ular zarur bo‘lgan hamma narsa bilan ta’minlanganligiga ishonch hosil qilishim kerak edi”, - deydi u.
Yunusovaning tavsiyalariga ko‘ra, evakuatsiya qilinganidan 2-3 kun o‘tgach, uch yoshdan oshgan bolalar uchun maktabgacha ta’lim guruhlari tashkil etilgan.
Vakilning eng muhim tashabbuslaridan biri - 14 yoshdan oshgan o‘spirinlar inqirozli vaziyatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ombudsman idorasiga murojaat qilishlari uchun ishonch telefonini tashkil qilishdir.