TOShKENT, 20-may — Sputnik. Davlat xizmatlari agentligi tizimiga kiruvchi FHDYo internetdagi xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda 10-apreldan O‘zbekistonda ikkinchi xotinga uylanishga rasman ruxsat berilgani va ushbu qaror aholi soni ko‘paytirish maqsadida qabul qilingani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Davlat xizmatlari agentligi xabarida qayd etilishicha, O‘zbekiston JKning 126-moddasiga ko‘ra, ko‘p xotinli bo‘lish, ya’ni umumiy ro‘zg‘or asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashash —BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1-yildan 3-yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
“Bundan tashqari, Oila kodeksining 16-moddasiga asosan nikoh tuzishga loaqal bittasi ro‘yxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxslar o‘rtasida yo‘l qo‘yilmaydi”, - deyilgan xabarda.
Agentlik qo‘shxotinlik to‘g‘risida hech qanaqa qaror qabul qilinmaganini ta’kidlagan.
“Ma’lumot tariqasida, O‘zbekistonda hozirgi kunda demografik ko‘rsatkich bilan hech qanday muammo yo‘q. Bir yilda o‘rtacha 750-800 mingga yaqin bolalar tug‘ilishi qayd etilmoqda”, - deya yozgan Agentlik.