TOShKENT, 19-may - Sputnik. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 30 kun davomida AQSh talab etayotgan islohotlarni amalga oshirmasa, Vashington BSSTni moliyalashtirishni to‘xtatadi va undagi a’zoligini qayta ko‘rib chiqadi. Bu haqda Amerika prezidenti Donald Trampning tashkilot rahbari Tedros Adanom Gebreyesusga yo‘llangan maktubida aytilgan.
Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, uning administratsiyasi Tram nazdida BSSTning koronavirus pandemiyasi ta’siriga nisbatan muvaffaqiyatsiz bo‘lgan javobi yuzasidan tekshiruv ishlarini o‘tkazgan.
"Bu tekshiruvlar men so‘nggi oy davomida ko‘targan ko‘plab xatarlarni tasdiqladi va BSST tezkor munosabat bildirishi lozim bo‘lgan boshqa xavflarni aniqladi, bunda ayniqsa tashkilotning XXRdan mustaqil emasligi ayniqsa havotirlidir", - deyiladi Trampning o‘z Twiterida e’lon qilgan maktubida.
AQSh prezidenti BSSTdan "sifat jihatdan anchayin ahamiyatli va jiddiy bo‘lgan o‘zgarishlarni" o‘tkazishni talab qilmoqda. Ular orasida "Xitoydan mustaqillik" sharti ham bor.
"Sizning tizimli ravishda yo‘l qo‘ygan xatolaringiz va tashkilotning pandemiyaga javobida bo‘lgan xatoliklar dunyoga juda qimmatga tushdi", - deyiladi maktubda.
Tramp shuningdek, BSST bilan tashkilotni isloh qilish borasidagi masalani muhokama qilishni boshlaganini ta’kidlab o‘tgan.
AQSh prezidenti aprel oyida BSSTni COVID-19 koronavirusi epidemiyasiga yetarli tarzda tezkor javob qaytarmaganlikda va jamoatchilikni u haqda o‘z vaqtida ogohlantirmaganlikda ayblab, tashkilotni moliyalashtirishni to‘xtatishi haqida e’lon qilgan edi.
AQShdagi pandemiya bilan bog‘liq yuzaga kelgan murakkab voqealar fonida Tramp nomiga tanqidlar yog‘dirilgan edi. AQSh nafaqat kasallikni yuqtirganlar, balki vafot etganlar soni bo‘yicha ham birinchi o‘ringa chiqqach, prezident nomiga u kerakli chora-tadbirlarni juda kech joriy etganligi haqida ayblovlar yog‘dirilgan edi.
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11-mart kuni yangi turdagi COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishini pandemiya, deb e’lon qilgan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha infeksiyani 4,4 million kishi yuqtirgan, 300 mingdan ziyod kishi koronavirus qurboniga aylangan.